“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi

Shuningdek, Dehqonobod kaliy zavodining ishlab chiqarish quvvati yiliga 365 ming tonnadan 600 ming tonnagacha oshirilishi mumkin

“Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Unda hududda $20 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish va 50 mingta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Qashqadaryoda sanoat 8,4% ga, xizmatlar 16,6% ga, qishloq xo‘jaligi esa 4,9% ga o‘sgan.

Shu bilan birga, prezident viloyatning mavjud salohiyati bilan erishilgan natijalar o‘rtasida hali katta farq borligini ta’kidladi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha viloyat respublikada yettinchi, xizmatlar bo‘yicha to‘qqizinchi, qishloq xo‘jaligi va qurilish hajmi bo‘yicha esa 11-o‘rinda turadi.

Davlat rahbari tuman hokimlari va banklar aholi hamda tadbirkorlarning bilim va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan muhit yaratishi zarurligini qayd etdi. Uning fikricha, bu orqali Qashqadaryoni bir-ikki yil ichida eng ilg‘or hududlar qatoriga olib chiqish mumkin.

GTL va Dehqonobod kaliy zavodida yangi loyihalar amalga oshiriladi

Yig‘ilishda viloyatning gaz, elektr energiyasi va yer osti boyliklari kabi resurslarini yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hamda daromadli ish o‘rinlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Xususan, “Uzbekistan GTL” zavodida umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha tayyorlangan. Korxonada olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha $1,5 mlrdlik loyihani amalga oshirish imkoniyati bor.

Shuningdek, Dehqonobod kaliy zavodining ishlab chiqarish quvvatini yiliga 365 ming tonnadan 600 ming tonnagacha oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Kichik tonnajli kimyo yo‘nalishida esa umumiy qiymati $830 mln bo‘lgan 30 dan ortiq loyiha taklifi mavjud.

Uch yillik dastur ishlab chiqiladi

Viloyatga tayinlangan loyiha menejeri va boshqa mas’ullarga $20 mlrdlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda 50 mingta ish o‘rni yaratishni qamrab oluvchi uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Dastur Qashqadaryoning sanoat salohiyatidan samaraliroq foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va hududda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga qaratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Xalq Sug‘urta” ning 100% aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi
/
“Xalq Sug‘urta” ning 100% aksiyasi Davaktivga o‘tkazildi
Saida Mirziyoyeva Ashxobodda Laylo Aliyeva va Oʻgʻuljahon Atabayeva bilan uchrashdi
/
Saida Mirziyoyeva Ashxobodda Laylo Aliyeva va Oʻgʻuljahon Atabayeva bilan uchrashdi
Qashqadaryoda qayta ishlangan meva-sabzavot eksporti $40 mlnga yetkaziladi
/
Qashqadaryoda qayta ishlangan meva-sabzavot eksporti $40 mlnga yetkaziladi