O‘zbekistonda “Zolotaya Korona” orqali pul o‘tkazmalari boshqa operatorga o‘tkaziladi

Kompaniyaga sanksiya joriy qilingan kuni platforma bilan bog‘liq “Servis” AJ O‘zbekistondagi “ParaPay” to‘lov tashkilotini sotib olgan

O‘zbekistonda “Zolotaya Korona” orqali pul o‘tkazmalari boshqa operatorga o‘tkaziladi

Yevropa Ittifoqining “Zolotaya Korona” tizimi operatoriga xizmat ko‘rsatuvchi bankka qarshi sanksiyalar joriy etganidan so‘ng, O‘zbekiston banklari pul o‘tkazmalari xizmatining uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun yangi texnik operatorga o‘tish ustida ishlamoqda. Bu haqda 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti rahbari Otabek Tojiddinov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqi 94 ta Rossiya bankiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Shundan so‘ng “Zolotaya Korona” ayrim yo‘nalishlarda pul o‘tkazmalarini cheklagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston pul o‘tkazmalari amalga oshirilayotgan davlatlar ro‘yxatida qolgan.

Markaziy bank vakili sanksiyalar “Zolotaya Korona”ning o‘ziga emas, balki tizimning ayrim operatsiyalarini texnik jihatdan amalga oshirgan bank-korrespondentga nisbatan qo‘llanilganini ta’kidladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi $9,3 mlrdga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ga ko‘p. Shundan $2,4 mlrd “Zolotaya Korona” tizimi orqali yuborilgan.

Tojiddinovning qayd etishicha, ushbu tizim orqali mablag‘lar nafaqat Rossiyadan, balki Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqa davlatlardan ham keladi.

O‘zbekiston ushbu sanksiyalarning ikkilamchi ta’siri ostida qolishni istamaydi. Shu sababli banklarimiz “Zolotaya Korona” rahbariyati bilan kelishgan holda sanksiyalar ostida bo‘lmagan boshqa operatorga o‘tish bo‘yicha muzokara olib bormoqda, — dedi Markaziy bank vakili.

Uning aytishicha, vaziyat Markaziy bankning doimiy nazoratida. “Zolotaya Korona”ning mahalliy banklarda garov depoziti mavjudligi sababli fuqarolar pul o‘tkazmalarini odatdagi tartibda va istalgan valyutada olishda davom etmoqda.

Shuningdek, Tojiddinov “Zolotaya Korona” rahbariyati ayni paytda Toshkentda muzokaralarni yakunlayotganini, yangi operatorga o‘tish esa kelasi haftadayoq amalga oshishi mumkinligini bildirdi. Shundan so‘ng tizim odatdagi rejimda ishlashda davom etadi.

“Servis” AJ “ParaPay”ni sotib oldi

Shu bilan birga, Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning “Servis” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistondagi “ParaPay” to‘lov tashkiloti aksiyalarining 100% ini sotib olgan.

Bitim 23-iyul kuni tuzilgan bo‘lib, uning qiymati oshkor etilmagan.

Bitimga qadar “ParaPay”ning ulushlari Ibrohim Fatxullayev (54,33%), Izzatulla Fatxullayev (23,5%), Dilmurod Fatxullayev (17,06%) va Ziyovuddin To‘laganov (5,1%)ga tegishli bo‘lgan.

“ParaPay” 2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan, 2023-yil aprel oyida esa Markaziy bankdan to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan. Hozirda kompaniyaning ustav kapitali 20,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekiston fintex bozoriga kirib kelayotgan “Servis” AJ “Zolotaya Korona” xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi bilan bog‘liq kompaniya hisoblanadi. U mazkur tizim operatori bo‘lgan “Platyojniy Sentr” nobank kredit tashkilotining 100% ta’sischisidir.

E’tiborlisi, Yevropa Ittifoqi aynan 23-iyul kuni “Platyojniy Sentr”ga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Xuddi shu kuni esa “ParaPay” kompaniyasi “Servis” AJ nazoratiga o‘tgan.

Shuningdek, kompaniyaning avvalgi mulkdorlari o‘z ulushlarini to‘liq sotganiga qaramay, bitimdan keyin ham ularning barchasi “ParaPay” kuzatuv kengashi a’zolari sifatida qolmoqda. Kompaniya direktori Obidjon Azimboyev ham o‘z lavozimini saqlab qolgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

MB: Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushirilishi mumkin
/
MB: Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushirilishi mumkin
“Raqobat” qo‘mitasi “Uztex Group”ning “Zarofattex”ni sotib olishini ma’qulladi
/
“Raqobat” qo‘mitasi “Uztex Group”ning “Zarofattex”ni sotib olishini ma’qulladi
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaya boshladi