Moskva birjasi, banklar va “Lukoyl”: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi
Yangi cheklovlar Rossiya banklari, neft korxonalari, aeroportlari hamda yetti davlatdagi kompaniyalarni qamrab oldi
Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Federatsiyasining energetika sektori, moliya tizimi, mudofaa sanoati va transport infratuzilmasi, shuningdek, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va BAA kompaniyalariga taalluqli bo‘lgan 21-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi choralar 218 ta subyektni qamrab oldi. Ulardan 48 nafari jismoniy shaxs, 170 tasi esa korxonalardir.
Moliya sektorida 94 ta kredit tashkiloti, jumladan, “Rosselxozbank”, “Dom.RF” banki, “MTS Bank”, “Uralsib”, “Ak Bars”, “Pochta Bank”, “Yandeks Bank”, “Ozon Bank”, “Vayldberriz Bank” va Moskva birjasi sanksiyalar ostiga tushdi. Shuningdek, A7 to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi to‘rtta tuzilmaga ham cheklovlar joriy etildi.
Alohida choralar Afrikadagi davlatlar bilan moliyaviy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga uringan transchegaraviy A7 to‘lov tizimi va u bilan bog‘liq to‘rtta kompaniyaga nisbatan qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonning “EkoIslamiKBank”i ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Unga nisbatan cheklovlar 13-avgustdan kuchga kiradi. Yevropa regulyatori ushbu bank va yana uchta xorijiy bankni Rossiyaning Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi (SPFS) orqali cheklovlarni chetlab o‘tishga urinishda ayblamoqda.
Shuningdek, Gruziya, Panama, BAA, Belarus, Qirg‘iziston va Marshall orollarida ro‘yxatdan o‘tgan 14 ta kriptovalyuta platformasining faoliyati to‘xtatildi.
Energetika sohasida “Inter RAO” elektr energiyasi eksportchisi, Kuybishev va Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodlari, “Lukoyl Marinbunker” hamda “Slavneft” guruhiga kiruvchi korxonalar sanksiyalar ostiga olindi.
Shu bilan birga, Rossiya neftini xarid qilish bo‘yicha maksimal narx bir barrel uchun $44,1 darajasida saqlab qolindi. Shuningdek, “soya floti” tarkibidagi 40 ta kema va Sheremetyevo, Ulyanovsk-Vostochniy, Platov hamda Mineralniye Vodi aeroportlariga nisbatan ham cheklovlar joriy etildi.
Harbiy-sanoat yo‘nalishidagi sanksiyalar foydali qazilmalarni qazib olish va mashinasozlik sohasidagi 50 dan ortiq korxonani qamrab oldi. Ular orasida “Yujuralzoloto”, “Seligdar”, “Vysochayshiy” va “Nordgold Menedjment” ham bor.
Shuningdek, yuqori texnologiyali mahsulotlarni yetkazib berishda ko‘maklashganlik uchun Xitoy, Gonkong, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va BAAdan 51 ta xorijiy tashkilot sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsiy sanksiyalar ro‘yxatiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, sport vaziri Mixail Degtyaryov, “Rossiya temir yo‘llari” rahbari Oleg Belozyorov, “Gazprom-Media” rahbari Aleksandr Jarov, FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Rossiya Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sergey Belov hamda “Svetofor” savdo tarmog‘i egalari Sergey va Valentina Shnayder ham kiritilgan.
Savdo sohasida esa dronlar va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan materiallarni import qilish, shuningdek, Rossiyadan rangli va qimmatbaho metallar rudalarini olib kirishga qo‘yilgan taqiq kengaytirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ