Fitch qaroridan so‘ng UzNIF qimmatli qog‘ozlari Londonda 32% gacha qimmatlashdi

Milliy investitsiya fondining GDRlari narxi $33 gacha ko‘tarildi, investorlar O‘zbekiston reytingi bo‘yicha ijobiy prognozni qo‘llab-quvvatladi

Fitch qaroridan so‘ng UzNIF qimmatli qog‘ozlari Londonda 32% gacha qimmatlashdi

Fitch Ratings agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgach, Milliy investitsiya fondi (UzNIF) qimmatli qog‘ozlarining qiymati keskin o‘sdi.

3-iyun kuni London fond birjasidagi savdolar davomida fondning global depozitar tilxatlari (GDR) narxi qariyb $33 ga yetdi. Bu IPO vaqtida belgilangan $25 lik joylashtirish narxidan 32% dan ortiq yuqori hisoblanadi.

Fitch agentligi reyting prognozi bo‘yicha yangilangan qarorini Toshkent vaqti bilan soat 12:53 da e’lon qilgan. Shundan so‘ng qimmatli qog‘ozlar narxining o‘sishi tezlashib, savdolarning eng yuqori nuqtasi taxminan soat 14:15 da qayd etilgan. Kun yakunida GDRlar narxi $32 atrofida shakllangan.

UzNIF IPO’si 13-may kuni bir vaqtning o‘zida Respublika fond birjasi “Toshkent” va London fond birjasida o‘tkazilgan edi. Greenshoe opsiyasi bilan birga joylashtirishning umumiy hajmi qariyb $692 mlnni tashkil qilgan.

Mahalliy bozorda aksiyalar bir dona uchun 4,65 so‘mdan joylashtirilgan bo‘lsa, ayrim chakana investorlar uchun 5% chegirma qo‘llanilib, narx 4,41 so‘mni tashkil etgan. London fond birjasida esa bir dona GDR $25 dan sotilgan.

Hozirda UzNIF aksiyalari Respublika fond birjasi “Toshkent”da 5,5–5,65 so‘m oralig‘ida savdolanmoqda. Bu joylashtirish narxiga nisbatan 18–21% yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘zbekiston 2030-yilgacha investitsion darajadagi “BBB” reytingini olishni maqsad qilgan. Mutaxassislar fikricha, bunday natijaga erishish xalqaro institutsional investorlar sonining ko‘payishiga va mamlakat kapital bozoriga qiziqishning ortishiga xizmat qilishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

MobiUz’ning 100% lik davlat ulushi $351 mlnga sotildi
/
MobiUz’ning 100% lik davlat ulushi $351 mlnga sotildi
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin
/
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin
Fitch O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”ga oshirdi
/
Fitch O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”ga oshirdi