UzNIF $600 mlndan ortiq qiymatga ega qimmatli qog‘ozlarining 31% ini sotdi
Birlamchi ommaviy taklif yakunlariga ko‘ra, tashkilotning bozor kapitallashuvi $1,95 mlrdga baholandi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO natijalarini e’lon qildi, xususan, $600 mln dan ortiq mablag‘ jalb qilindi deb xabar bermoqda jamg‘arma matbuot xizmati Kapital.uz’ga.
Taklif o‘z ichiga oddiy aksiyalar va investorlar uchun global depozitar tilxatlarini (GDR) qamrab oldi. IPO doirasidagi barcha qimmatli qog‘ozlar kompaniyaning yagona aksiyadori bo‘lgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taklif etildi.
Joylashtirish doirasida vazirlik jami 1,56 trln dona aksiyani (oddiy aksiyalar va GDR shaklida) taklif qildi. Bu qo‘shimcha joylashtirish (greenshoe) doirasida chiqarilishi mumkin bo‘lgan GDRlarni hisobga olmaganda, O‘zMIJ ustav kapitalining 31% ini tashkil etadi. Bir dona GDR 64 700 dona aksiyaga teng.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyidagi Prezident qarori bilan 2026-yil yakuniga qadar O‘zMIJ ustav kapitalining 30% igacha bo‘lgan qismini xalqaro va mahalliy fond bozorlarida IPOga chiqarish ko‘zda tutilgan edi.
Jalb qilingan umumiy mablag‘ qo‘shimcha opsionlarni hisobga olmaganda qariyb $603,6 mln. Opsionlar bilan birga bu summa $692 mln gacha, sotilgan aksiyalar ulushi esa 35% gacha oshishi mumkin. Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador (Iqtisodiyot va moliya vazirligi) sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPOdan tushum olmaydi. Bitta GDR narxi $25 etib belgilandi. Oddiy aksiyalar uchun narx 4,65 so‘mni tashkil qilmoqda.
Taklif ikki transhdan iborat bo‘ldi. Toshkent taklifi doirasida O‘zbekiston va boshqa ayrim yurisdiksiyalardagi institutsional investorlar hamda O‘zbekiston fuqarolari yoki boshqa ayrim yurisdiksiyalardagi chakana investorlar o‘rtasida 47,94 mlrd dona aksiya (taklif umumiy hajmining taxminan 3%i) taqsimlandi.
Xalqaro taklif doirasida O‘zbekistondan tashqaridagi muayyan institutsional investorlar o‘rtasida, qo‘shimcha joylashtirish opsioni bo‘yicha chiqarilishi mumkin bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar hisobga olinmagan holda, 23,44 mln dona GDR shaklidagi 1,516 trln dona aksiya taqsimlandi.
Mavjud 5,05 trln dona aksiya bilan taklif narxi O‘zMIFning bozor kapitallashuvini qariyb $1,95 mlrd darajasida bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Xabar qilinishicha, talab taklifdan to‘rt baravardan ko‘proqqa oshib ketgan.
BlackRock, Franklin Resources, Redwheel tomonidan boshqariladigan muayyan fondlar va hisobvaraqlar, shuningdek, to‘liqligicha Allan & Gill Gray Foundationga tegishli bo‘lgan ikkita g‘aznachilik kompaniyasi asosiy (yakor) investorlar sifatida ishtirok etdi. Ular o‘z majburiyatlari doirasida to‘liq taqsimotni qo‘lga kiritdilar va bir qator standart shartlarga rioya qilingan taqdirda umumiy qiymati $300 mlnlik GDDlarni xarid qiladi.
London fond birjasida GDDlarning shartli savdolari 13-mayda boshlanishi kutilmoqda. Savdolarga kirish va shartsiz savdolarning boshlanishi esa taxminan 18-mayga mo‘ljallangan.
“O‘zMIF” aksiyalari “Toshkent” Respublika fond birjasida ham UZNF tikeri ostida muomalada bo‘lishi kutilmoqda. Toshkentdagi savdolar taxminan 18-mayda boshlanishi rejalashtirilgan.
Jefferies International Limited xalqaro joylashtiruvning global koordinatori hisoblanadi. Bitim Cleary Gottlieb, Kosta Legal, White & Case hamda Dentons tomonidan huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. The Bank of New York Mellon GDD dasturining depozitariysi etib tayinlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ