“Yuksalish” 40 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar yosh rahbar reytingini yangiladi
Reytingda Davaktiv direktori, IT Park Uzbekistan bosh direktori va Uzbekistan Airports rahbarlari kiritilgan
Foto: Kapital.uz
“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli rahbarlari reytingini yangiladi.
“TOP-40: boshqaruvdagi yosh liderlar” deb nomlangan reytingga davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 40 nafar rahbar kiritilgan. Ularning 29 nafari yoki 72,5% ro‘yxatdan ilk bor joy oldi.
Yangi ishtirokchilar qatoridan Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Kamoliddin Mardonov, Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev va IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov o‘rin oldi.
Shuningdek, reytingga Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Sherzod Ozodzoda, Bosh prokuror o‘rinbosari Bahodir Normurodov, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori Baxtiyor Haydarov hamda Milliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev kabi rahbarlar kiritilgan.
Reytingni shakllantirishda nomzodlarning faoliyati bir nechta mezon asosida baholangan. Jumladan, normativ-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar va ilgari surilgan tashabbuslarning ta’siri, iqtisodiy va tarmoq ko‘rsatkichlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, jamoatchilik va OAV uchun ochiqlik, xalqaro hamkorlik hamda islohotlarga qo‘shilgan hissa hisobga olingan.
Baholash jarayonida davlat organlari saytlari, rasmiy statistika, xalqaro tashkilotlar hisobotlari va OAV materiallaridan foydalanilgan. Ma’lumotlar ekspertlar tomonidan tekshirilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, reytingda rahbarning egallab turgan lavozimidan ko‘ra, uning faoliyati natijasida tegishli sohada yuz bergan o‘zgarishlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi.
Mazkur reyting 2019-yildan buyon an’anaviy tarzda e’lon qilib kelinmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ