Toshkentda havoni ifloslantirgan qurilish kompaniyasiga 1,23 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblandi

Kompaniya qurilish chiqindilari va tuproqni tashish, chang tarqalishining oldini olmay ekologik talablarni buzgan

Toshkentda havoni ifloslantirgan qurilish kompaniyasiga 1,23 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblandi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida havoni ifloslantirib kelgan “N.H.P” MCHJga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,23 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida qo‘mitaning Ekopolitsiya xodimlari tomonidan korxona faoliyati o‘rganilgan.

Tekshiruv davomida qurilish maydonidan chiqish joyida transport vositalari g‘ildiraklarini yuvish postlari mavjud emasligi aniqlangan. Natijada yuk mashinalari loy va tuproqni ko‘chaning 2–2,5 kilometr qismiga olib chiqqan.

Shuningdek, qurilish hududida chang ko‘tarilishining oldini olish uchun suv purkash qurilmalari o‘rnatilmagani va atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, korxona davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni bajarmagani qayd etilgan. Qurilayotgan yerosti avtoturargohi ham ekspertizadan o‘tgan loyihada ko‘zda tutilmagan. Tekshiruvda kotlovanlardan qazib olingan 87 ming kub metrdan ortiq tuproq qayerga joylashtirilgani haqida tegishli hujjatlar taqdim etilmagani ham aniqlangan.

Mazkur qonunbuzilishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 202-sonli qaroriga asosan korxonaga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,23 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Shuningdek, korxonaga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, chang ko‘tarilishining oldini olish va uni to‘xtatish, daraxt ko‘chatlari ekish hamda boshqa tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shveysariya Alisher Usmonovga nisbatan cheklovlarni bekor qildi
/
Shveysariya Alisher Usmonovga nisbatan cheklovlarni bekor qildi
O‘zbekistonda ilk bor 5 mln tonnadan ortiq paxta hosili yig‘ib olindi
/
O‘zbekistonda ilk bor 5 mln tonnadan ortiq paxta hosili yig‘ib olindi
UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi
/
UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi