O‘zbekistonda yillik inflyatsiya oktabr oyida 6,5% ni tashkil etdi

Yillik inflyatsiya bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida, eng pasti esa Sirdaryo viloyatida qayd etildi

O‘zbekistonda yillik inflyatsiya oktabr oyida 6,5% ni tashkil etdi

2026-yil oktabr oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan oyga nisbatan 0,6% ga oshdi. Yil boshidan buyon narxlar o‘sishi 4,8% ni, yillik inflyatsiya esa 6,5% ni tashkil etdi.

Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktabr oyida oylik inflyatsiya ham 0,6% bo‘lgan. Biroq o‘tgan yilning yanvar–oktabr oylarida iste’mol narxlari 5,7% ga, yillik hisobda esa 7,8% ga oshgan.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishi hisobga olinmaganda, oktabr oyida iste’mol narxlari 0,5% ga oshgan. 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida ushbu ko‘rsatkich 6,1% ni, yillik hisobda esa 6,8% ni tashkil etdi.

Qaysi tovar va xizmatlar narxi ko‘proq oshdi?

Oktabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar narxi o‘tgan oyga nisbatan 1% ga oshdi. Transport xizmatlari 0,7% ga, turar joy xizmatlari, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari 0,5% ga qimmatlashdi.

Uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika, ta’lim xizmatlari, restoran va mehmonxonalar xizmatlari narxi 0,4% ga oshgan. Kiyim-kechak va poyabzal, alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlari, dam olish, sport va madaniyat xizmatlari bo‘yicha o‘sish 0,3% ni tashkil etgan.

Axborot va aloqa xizmatlari hamda sug‘urta va moliyaviy xizmatlar narxi 0,2% ga oshgan. Sog‘liqni saqlash xizmatlarida esa oylik o‘sish 0,1% bo‘lgan.

Yil boshidan buyon narxlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich sug‘urta va moliyaviy xizmatlarda qayd etildi — 44,1%. Turar joy xizmatlari, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari 10,8% ga, restoran va mehmonxonalar xizmatlari 6,4% ga, transport xizmatlari esa 6,5% ga qimmatlashgan.

Yillik hisobda ham sug‘urta va moliyaviy xizmatlar narxi 44,5% ga oshgan. Turar joy xizmatlari, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlarida o‘sish 11,8% ni, transportda 7,6% ni, restoran va mehmonxonalar xizmatlarida esa 7,4% ni tashkil etgan.

Hududlar kesimida inflyatsiya

2026-yil oktabr oyida hududlar bo‘yicha oylik inflyatsiya 0,5–0,9% oralig‘ida shakllandi. Yillik inflyatsiya esa 5,5–7,4% oralig‘ida qayd etildi.

Yillik inflyatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahrida — 7,4% bo‘ldi. Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 6,4%, Samarqand viloyatida 6,7%, Toshkent viloyatida 6,5% ni tashkil etdi.

Eng past yillik inflyatsiya Sirdaryo viloyatida — 5,5% qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6%, Namangan viloyatida 6,3% bo‘lgan.

Oktabr oyida oylik inflyatsiya bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ham Toshkent shahrida kuzatildi — 0,9%. Samarqand viloyatida 0,8%, Navoiy va Toshkent viloyatlarida esa 0,7% ni tashkil etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi
/
UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi
O‘zbekistonda 9 oyda 10,2 trln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
/
O‘zbekistonda 9 oyda 10,2 trln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
O‘zbekistonda uran ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha ikki baravar oshiriladi
/
O‘zbekistonda uran ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha ikki baravar oshiriladi