O‘zbekistonda uran ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha ikki baravar oshiriladi
Muhim metallar ishlab chiqarish hajmini esa $2,7 mlrddan oshirish rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Navoiyuran” korxonasi va “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”ning 2026-yildagi ustuvor vazifalari hamda 2030-yilgacha mo‘ljallangan rejalari bilan tanishdi.
Taqdimotda uran qazib olish hajmini oshirish, muhim metallar ishlab chiqarishni kengaytirish va mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhim metallar ishlab chiqarish kengaytiriladi
Jahonda an’anaviy metallarga talab yiliga o‘rtacha 1% ga, muhim minerallarga esa 10% ga o‘smoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ham mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, qazib olish, boyitish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni shakllantirishga e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil yakunigacha 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar turini ko‘paytirish, yuqori soflikdagi selen va tellur ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hozirda volfram, molibden, selen, tellur va reniy ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, yana 11 turdagi muhim metallni o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi. Ular qatoriga nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganes, platina, vanadiy, simob va mis kiradi.
Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha 16 turdagi muhim metallar ishlab chiqarish hajmi $2,7 mlrddan oshiriladi.
Alohida e’tibor volframni chuqur qayta ishlashga qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi loyihalarga $1,1 mlrd investitsiya jalb qilish va 2030-yilga borib ishlab chiqarish hajmini qariyb $2,2 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, noyob va kamyob yer elementlariga boy istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirish, mineral resurslar bazasini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uran ishlab chiqarish 15 ming tonnaga yetkaziladi
Taqdimotda “Navoiyuran” korxonasining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va rivojlanish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda jahon bozorida uran xomashyosiga talab 15–20% ga oshgan. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkich yana 28 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Shu sharoitda O‘zbekistonda uran qazib olish hajmini ko‘paytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.
2026-yilda geologiya-qidiruv va texnologik burg‘ilash ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, qo‘shimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish hamda 250 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Uran ishlab chiqarish uchun zarur kimyoviy reagentlar ta’minotini yaxshilash maqsadida mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kuchaytirish, texnik oltingugurt, sulfat va nitrat kislotasi yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ham ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, prezident ishlab chiqarishda muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va 2030-yilgacha sulfat kislotasi o‘rnini bosuvchi reagentlar ulushini 40% ga yetkazish vazifasini belgiladi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlari va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hisobiga 2030-yilgacha uran qazib olish hajmini joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Aniqlangan uran zaxiralari hajmi esa 200 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Taqdimot yakunida davlat rahbari mas’ullarga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi texnologik quvvatlarni ishga tushirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ