O‘zbekistonda texnogen ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun 220 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi
Jabrlanganlarga to‘lovlar mahalliy jamg‘armalar hisobidan amalga oshiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararni baholash hamda qoplashning yangi tartibi joriy etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 3-noyabrdagi 606-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilandi.
Qarorga muvofiq, respublikaning barcha tuman va shahar hokimliklari huzurida Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash jamg‘armalari tashkil etiladi. Ushbu jamg‘armalar mahalliy budjetlar, ularning zaxira mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga uch oy muddatda yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yetkazilgan zararni qoplash va moddiy yordam miqdorlari
Ofat oqibatida uy-joyini yo‘qotgan shaxslarga yangi turar joy qurilishi davrida vaqtinchalik uy-joy ajratiladi yoki ijara to‘lovi uchun tovon puli to‘lab beriladi.
Shuningdek, zarar ko‘rgan uylarni ta’mirlash uchun qurilish materiallari ajratilishi, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha yer uchastkalarini elektron auksion orqali sotib olish xarajatlari qoplab berilishi mumkin. Barcha tegishli to‘lovlar qaror qabul qilingandan so‘ng 30 kun muddatda amalga oshiriladi.
Ofat oqibatida halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga (turmush o‘rtog‘i, farzandlari, ota-onalari va qaramog‘idagi shaxslarga) teng ulushlarda BHMning 500 baravarigacha, ya’ni hozirgi miqdor bo‘yicha 220 mln so‘mgacha bir martalik moddiy yordam beriladi. Sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan hollarda esa, og‘ir tan jarohati olganlarga BHMning 200 baravarigacha (88 mln so‘mgacha), o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat olganlarga 150 baravarigacha (66 mln so‘mgacha) va yengil tan jarohati olganlarga 100 baravarigacha (44 mln so‘mgacha) miqdorda bir martalik moddiy yordam puli ajratiladi.
Ariza berish, xatlov va baholash tartibi
Jabrlangan shaxslar yoki ularning vakillari favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan kundan e’tiboran 30 kun ichida zararni qoplash bo‘yicha tegishli komissiyaga ariza topshirishlari lozim. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, xizmat safari yoki boshqa uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda, ushbu muddat uzrli sabab bartaraf etilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Arizani ko‘rib chiquvchi ishchi organ jabrlanuvchining shaxsini va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni “Raqamli hukumat” tizimi orqali mustaqil ravishda oladi.
Ishchi organ ariza qabul qilingach, 10 kun ichida zarar ko‘rgan uy-joy va mol-mulklarni xatlovdan o‘tkazadi hamda tibbiy xulosalar asosida dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Dalolatnoma tuzilgandan so‘ng 10 kun muddatda jabrlanuvchi tomonidan tanlangan mustaqil baholovchi tashkilot ishtirokida zarar miqdori baholanadi. Baholash ishlari bilan bog‘liq xarajatlar dastlab maxsus jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
Kompensatsiya to‘lanmaydigan holatlar
Nizomga ko‘ra, texnogen ofat yuz bergan taqdirda ham ayrim toifadagi mulklar va holatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplab berilmaydi. Uy-joy yoki boshqa ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa, ularga kompensatsiya to‘lanmaydi.
Shuningdek, binolarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga tasdiqlangan loyihaga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritilgan, kapital ta’mirlanishi lozim bo‘lgani holda zarur ta’mirlash ishlari bajarilmaganda ham zarar qoplanmaydi.
Foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda texnika yoki yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelgan zararlar ham davlat tomonidan qoplanmaydi. Badiiy qiymatga ega buyumlar va sug‘urtalangan mol-mulklarga yetkazilgan zarar esa tegishli sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta shartnomasi asosida qoplanadi.
Moliyalashtirish va regress tartibida undirish
Texnogen vaziyat uchun aybdor bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ularning mansabdor shaxslari sud tomonidan aniqlangunga qadar yoki ular zararni to‘liq qoplash imkoniga ega bo‘lmagan taqdirda, barcha kompensatsiya va moddiy yordam pullari mahalliy jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.
Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan ofatga aybdor deb topilgan shaxslar aniqlangach, jamg‘arma tomonidan to‘langan barcha mablag‘lar aybdorlardan regress tartibida undirib olinadi va mahalliy budjetga qaytariladi. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashga oid barcha hujjatlar davlat arxivlarida 75 yil muddatga saqlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ