O‘zbekistonda dronlar uchun yagona raqamli axborot tizimi joriy etilishi mumkin
Kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida ushbu soha uchun mutaxassislar ham tayyorlanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevga iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Bugungi kunda dronlardan qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, shaharsozlik va xizmat ko‘rsatish sohalarida foydalanish kengayib bormoqda. Ular ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va resurslarni tejash imkonini beradi.
Xususan, qishloq xo‘jaligida dronlar ekin maydonlarini kuzatish, ularga ishlov berish va hosildorlikni monitoring qilishda qo‘llanilishi mumkin. Sanoatda esa ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilma obyektlari holatini nazorat qilish, shaharlarda transport oqimini kuzatish va harakatni tashkil etishda foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, global dron bozori yiliga 10–15% sur’atda o‘smoqda. Ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish yangi ish o‘rinlarini yaratish, malakali mutaxassislarga talabni oshirish va yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Taqdimotda O‘zbekistonda dronlardan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yo‘nalishda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, dronlardan foydalanishni tartibga solish, parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlash zarurligi qayd etildi. Buning uchun uchuvchisiz aviatsiya vositalaridan foydalanishning yagona qoidalarini ishlab chiqish, ularni ro‘yxatga olish va parvozlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash va sug‘urtalash mexanizmlarini takomillashtirish taklif etildi.
Shuningdek, dronlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini yaratish, parvoz hududlarini aniq belgilash va ulardan foydalanish tartiblarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Transport universitetida dronlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi
Taqdimotda uchuvchisiz aviatsiya sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Xususan, kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunda nazariy ta’limni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish va yoshlarning zamonaviy aviatsiya texnologiyalariga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Prezident mutasaddilarga ilg‘or xorijiy tajriba asosida dronlardan iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanishni kengaytirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi.
Shuningdek, uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ