Shveysariya Alisher Usmonov va Mixail Fridmanlarga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga 33 ta Rossiya banki, 17 ta moliyaviy tashkilot va “soya floti”ga aloqador 41 ta kema kiritilgan
Shveysariya rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridman, shuningdek, yana bir qator shaxs va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda mamlakat Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) ma’lumotlariga tayanib, RBC xabar berdi.
Qaror Yevropa Ittifoqi 2026-yil sentabr oyida Usmonov va Fridmanlarni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarganidan keyin qabul qilindi. Shu bilan birga, Shveysariya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga yana 254 ta pozitsiyani qo‘shdi.
Sanksiyalar ro‘yxatidan Alisher Usmonov va Mixail Fridmandan tashqari, Andrey Falaleyev, Redbird Corporate Services Ltd, vafot etgan sobiq Davlat dumasi deputati Yuriy Shvitkin hamda konstruktor Aleksandr Leonov ham chiqarildi.
Biroq Shveysariya Rossiyaga qarshi yangi cheklovlarni ham joriy etdi. Ular 33 ta Rossiya banki, boshqa davlatdagi bitta bank, 17 ta moliyaviy tashkilot va kriptoxizmatlar yetkazib beruvchisi, uchinchi davlatlardagi beshta kompaniya, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita portini qamrab oladi.
Bundan tashqari, Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘liq 41 ta kemaga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Ularni sotib olish, sotish va ularga xizmat ko‘rsatish taqiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi 22-sentabr kuni Alisher Usmonov va Mixail Fridmanlarni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargan edi. Qaror a’zo davlatlar o‘rtasidagi bir necha kunlik muzokaralardan so‘ng qabul qilingan.
Reuters xabariga ko‘ra, Fransiya Usmonovga, Lyuksemburg esa Fridmanga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni qo‘llab-quvvatlagan. Latviya qarorga qarshi chiqqan, biroq uni to‘sib qo‘ymagan.
Sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish ushbu shaxslar va kompaniyalarga nisbatan aynan shu sanksiya rejimi doirasidagi cheklovlar tugashini anglatadi. Bu esa Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalar bekor qilinganini bildirmaydi. Savdo, energetika, moliya va texnologiyalar sohalaridagi boshqa cheklovlar alohida tartibda amal qilishda davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ