Toshkentda Investitsiyalar vazirligining binosi 287,1 mlrd so‘mga sotildi
Yakuniy narx boshlang‘ich qiymatdan 80% ga yuqori bo‘ldi
Foto: E-auksion
4-noyabr kuni E-auksion platformasida Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’muriy binosi savdosi yakunlandi. Auksion 1 soat 46 daqiqa davom etdi.
80 ta taklifdan so‘ng 287,14 mlrd so‘m taklif qilgan “Shakhrisabz Agroport” kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bu boshlang‘ich narxdan 80% ga yuqori. Hozirda oldi-sotdi shartnomasini imzolash kutilmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur obyektni oktabr oyida auksionga chiqargan edi. Taras Shevchenko va Fidokor ko‘chalari kesishmasida joylashgan to‘rt qavatli ma’muriy binodan hozirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda bir nechta xalqaro tashkilotlar foydalanadi.
Binoning umumiy maydoni 6 502 kvadrat metrni tashkil etadi. Obyekt suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga ulangan.
Yangi mulkdor binodan savdo, ko‘ngilochar, gastronomiya yoki turizm maqsadlarida foydalanishi mumkin. Bunda shaharsozlik me’yorlariga rioya qilishi talab etiladi.
Yuridik shaxslar davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Shakhrisabz Agroport” kompaniyasi 2026-yil iyun oyida tashkil etilgan. Korxona Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning ustav fondi 550,5 mln so‘mni tashkil etadi. Jasur Dostanovich Karimov uning yagona ta’sischisi va rahbari hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ