Kommunal tariflar oshishi Markaziy bankning asosiy stavka bo‘yicha qaroriga ta’sir ko‘rsatgan

Regulyator vakili isitish va issiq suv tariflari oshishi inflyatsiya prognozining 7% gacha ko‘tarilishida muhim omil bo‘lganini bildirdi

Kommunal tariflar oshishi Markaziy bankning asosiy stavka bo‘yicha qaroriga ta’sir ko‘rsatgan

Markaziy bank suyultirilgan gaz (propan), issiq suv va isitish tariflarining oshishini inflyatsiyaga bir martalik ta’sir ko‘rsatuvchi taklif omillari sifatida baholamoqda. Ushbu o‘zgarishlar 2026-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognoziga kiritilgan. Bu haqda 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, taklif omillariga, birinchi navbatda, import narxlari, energiya resurslari tariflari va transport xarajatlaridagi o‘zgarishlar kiradi. Ayrim tartibga solinadigan narxlarning oshishi inflyatsiyaga dastlabki bosqichda bir martalik ta’sir ko‘rsatadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu ta’sir yillik inflyatsiya hisob-kitobidan chiqib ketadi.

Achilov suyultirilgan gaz — propan narxining oshishi ham shu omillar qatoriga kirishini qayd etdi. Markaziy bank boshqaruvi kelgusi yil yakuni uchun inflyatsiyaning 5% lik prognozini o‘zgarishsiz qoldirgan. Bunda taklif omillarining bir martalik ta’siri bosqichma-bosqich kamayishi hisobga olingan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflarni erkinlashtirish iqtisodiyotdagi xarajatlar va daromadlar muvozanatini ta’minlash, ishlab chiqaruvchilar uchun barqarorroq sharoit yaratishga qaratilgan. Shu bilan birga, bunday islohotlar amalga oshirilishi davomida vaqtinchalik inflyatsion bosim yuzaga kelishi mumkin.

Markaziy bankning asosiy vazifasi esa narxlarning bir martalik oshishi aholi va biznesning inflyatsion kutilmalariga o‘tib ketmasligi hamda boshqa tovar va xizmatlar narxlarida uzoq muddatli ikkilamchi ta’sirlarni keltirib chiqarmasligini ta’minlashdan iborat. Shu sababli asosiy stavkani 14% darajasida saqlash maqsadga muvofiq deb topilgan.

Isitish tariflarining oshishi ham prognozga kiritilgan

Matbuot anjumanida isitish xizmatlari tariflarini 30% ga oshirish rejalari va bu o‘zgarishning inflyatsiyaga ta’siri ham muhokama qilindi.

Achilovning aytishicha, issiq suv va isitish xizmatlari tariflarining oshishi dastlabki prognozlarda ham hisobga olingan. Biroq e’lon qilingan tarif o‘zgarishlari avvalgi hisob-kitoblardagi taxminlardan yuqori bo‘lgani sababli yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozi 6,5% dan 7% gacha qayta ko‘rib chiqilgan.

Ushbu omil ham asosiy stavkani 14% darajasida saqlash to‘g‘risidagi qarorda muhim ahamiyat kasb etgan.

Shuningdek, tariflar oshishi bilan birga aholining xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, bazaviy me’yor 200 dan 300 gacha oshirilgani, tegishli reyestrlarga kiritilgan oilalarga bir martalik kompensatsiyalar ajratilgani qayd etildi.

Markaziy bank hozirgacha e’lon qilingan narx va tarif o‘zgarishlarini joriy hamda kelgusi yil uchun prognozlarida hisobga olgan. Agar kelgusida qo‘shimcha o‘zgarishlar e’lon qilinsa, ularning inflyatsiyaga ta’siri navbatdagi prognozlash jarayonida va boshqaruv yig‘ilishlarida qayta baholanadi.

Achilovning ta’kidlashicha, tariflarni erkinlashtirish jarayoni yakunlangach, ushbu segmentlardan keladigan inflyatsion bosim sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda. Shundan so‘ng inflyatsiya dinamikasida tashqi shoklar va ichki talab omillarining nisbiy ahamiyati ortadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda Investitsiyalar vazirligining binosi 287,1 mlrd so‘mga sotildi
/
Toshkentda Investitsiyalar vazirligining binosi 287,1 mlrd so‘mga sotildi
O‘zbekistonda 9 oyda ipoteka kreditlari hajmi 20,9 trln so‘mga yetdi
/
O‘zbekistonda 9 oyda ipoteka kreditlari hajmi 20,9 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda texnogen ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun 220 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi
/
O‘zbekistonda texnogen ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun 220 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi