O‘zbekistonda 9 oyda 10,2 trln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Ularning eng katta ulushi davlat korxonalar hamda transport va avtomobil yo‘llari sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida qonunchilik talablari buzilishi bilan bog‘liq 18 788 ta holat aniqlandi. Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklarning umumiy qiymati 10,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Qonunbuzilishlarning eng katta ulushi davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu tashkilotlarda 3 913,6 mlrd so‘mlik qoidabuzarliklar aniqlangan. Bu jami holatlar qiymatining 38,5 foiziga teng.
Transport va avtomobil yo‘llari sohasida 2 958,2 mlrd so‘mlik (29,1%) qonunbuzilishlar qayd etilgan. Shundan 1 823,2 mlrd so‘mi bevosita avtomobil yo‘llari tizimiga to‘g‘ri keladi.
Boshqa sohalar va davlat organlari kesimida aniqlangan qoidabuzarliklar quyidagicha:
- Mahalliy davlat hokimiyati organlari — 699,7 mlrd so‘m;
- Energetika — 540,9 mlrd so‘m;
- Ta’lim va ilm-fan — 384,3 mlrd so‘m;
- Ekologiya — 299,9 mlrd so‘m;
- Suv xo‘jaligi — 286,4 mlrd so‘m;
- Qurilish — 285,3 mlrd so‘m;
- Tog‘-kon sanoati va geologiya — 249,1 mlrd so‘m;
- Sud organlari — 247,6 mlrd so‘m;
- Sog‘liqni saqlash — 191 mlrd so‘m.
Eng kam miqdordagi qoidabuzarliklar sport (34,1 mlrd so‘m) va madaniyat (16,4 mlrd so‘m) sohalarida aniqlangan.
4,8 trln so‘mlik xarid hujjatlari tergov organlariga yuborildi
Aniqlangan qonunbuzilishlarga huquqiy baho berish uchun jami 4,8 trln so‘mlik davlat xaridlariga oid hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Xususan, davlat korxonalariga tegishli 3 913,6 mlrd so‘mlik hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi 384,3 mlrd so‘mlik materiallar tergov organlariga yuborilgan.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan hujjatlar orasida Navoiy viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga tegishli 156,5 mlrd so‘mlik, Andijon viloyatidagi xuddi shu xizmatga oid 125,9 mlrd so‘mlik materiallar ham bor.
Bundan tashqari, sud organlari bo‘yicha 16,5 mlrd so‘mlik, Farg‘ona viloyati hokimligi bo‘yicha esa 9,98 mlrd so‘mlik hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, transport, suv xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha ayrim mansabdor shaxslarga ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan. Bu choralar 222,3 mlrd so‘mlik holatlarga taalluqli.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqlagandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ