O‘zbekistonda ilk bor 5 mln tonnadan ortiq paxta hosili yig‘ib olindi

Joriy yilda fermerlar paxta yetishtirishdan 13–14 trln so‘m sof foyda olishi kutilmoqda

O‘zbekistonda ilk bor 5 mln tonnadan ortiq paxta hosili yig‘ib olindi

O‘zbekistonda paxta yetishtirish tarixida ilk bor 5 mln tonnadan ortiq hosil yig‘ib olindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning dehqon va fermerlar hamda qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qilindi.

2026-yilda paxtachilik sohasida rekord natijaga erishildi. Mamlakat bo‘yicha hosildorlik o‘rtacha 56 sentnerni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich keyingi yillardagi islohotlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga 2,7 barobar oshgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda paxtachilik samaradorligini oshirish maqsadida chigit ekiladigan maydonlar 38%ga qisqartirildi va paxta monopoliyasiga barham berildi. Shuningdek, sohani ilm-fan yutuqlari va zamonaviy agrotexnologiyalar asosida rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Joriy yilda ekish sxemalari o‘zgartirilib, ko‘chatlar soni 2–3 barobar oshirildi. Bundan tashqari, ko‘sak qurti va gerbitsidlarga chidamli yangi biotexnologik navlar ekildi. Natijada qariyb 400 ming gektar maydonda o‘rtacha hosildorlik 70 sentnerga yetdi. Yana qariyb 70 ming gektarda esa har gektardan 100–110 sentnergacha paxta olindi.

Mamlakat bo‘yicha 1 mingga yaqin fermer xo‘jaligi va klaster o‘rtacha 100 sentnerlik va undan yuqori hosildorlikka erishdi. Shuningdek, 4 mingdan ziyod fermerda hosildorlik 60–70 sentnerni, 2,5 ming nafar fermerda esa 80 sentnerdan oshdi.

Paxta hosilini yig‘ib olishda mexanizatsiyalashtirish darajasi ham oshdi. Yetishtirilgan hosilning 85%i 3 mingdan ortiq paxta terish mashinasi yordamida 30–35 kun ichida yig‘ib olindi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiyalashtirish darajasi 100%ga yetdi.

Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hisobiga suv sarfi 1990-yillarga nisbatan ikki barobar kamaydi. Raqamlashtirish va dronlardan foydalanish esa tarmoqdagi xarajatlarni ikki barobar qisqartirishga xizmat qildi.

Prezident tabrigida keltirilishicha, joriy yilda fermerlar paxta yetishtirishdan 13–14 trln so‘m sof foyda olishi kutilmoqda.

Kelgusi yilda paxtachilikda o‘rtacha hosildorlikni 65–70 sentnerga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun serhosil urug‘lik navlaridan foydalanish, agrodrонlar orqali ishlov berish, suv va energiya tejovchi texnologiyalar hamda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi
/
UzAuto Motors’ning sof foydasi yil davomida 46,9% ga kamaydi
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya oktabr oyida 6,5% ni tashkil etdi
/
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya oktabr oyida 6,5% ni tashkil etdi
O‘zbekistonda 9 oyda 10,2 trln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
/
O‘zbekistonda 9 oyda 10,2 trln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi