O‘zbekistonda tadbirkorlarga biznes faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish huquqi beriladi
Faoliyatini rasman vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlar ayrim soliqlarni to‘lash va soliq hamda statistika hisobotlarini topshirishdan ozod etiladi
O‘zbekistonda tadbirkorlarga o‘z tashabbusi bilan biznes faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish imkonini beruvchi qonun qabul qilindi. Bu haqda Lex.uz portalida e’lon qilingan hujjatda belgilangan.
Yangi tartibga muvofiq, faoliyati rasman to‘xtatilgan davrda korxona va uning yollanma xodimlariga nisbatan soliqlar hisoblanishi to‘xtatiladi. Shuningdek, ushbu davrda soliq va statistika hisobotlarini topshirish talab etilmaydi.
Tegishli o‘zgartirishlar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarini mustahkamlash va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun bilan belgilandi.
Biznes faoliyatini vaqtincha to‘xtatish tartibi
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi 42-1-moddaga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti mulkdorning o‘z arizasi asosida faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi mumkin.
Buning uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilish yoki Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan foydalanish talab etiladi.
Faoliyat to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga avtomatik ravishda yuboriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tegishli ma’lumotlarni ariza kelib tushganidan keyingi ish kuni yakunigacha soliq organlariga taqdim etishi kerak.
Rasman faoliyati to‘xtatilgan davrda tadbirkorlar soliq va statistika hisobotlarini topshirmaydi. Shuningdek, tadbirkorlik subyekti va uning har bir yollanma xodimiga nisbatan soliqlar hisoblanishi to‘xtatiladi.
Faoliyatni qayta tiklash ham xuddi shu tartibda — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ariza berish yoki avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi.
Nazorat organlarining biznes faoliyatini to‘xtatish vakolatlari cheklanadi
Qonunda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini majburiy to‘xtatib turish bo‘yicha ham cheklovlar belgilangan.
Unga ko‘ra, nazorat organlari tadbirkorlik faoliyatini faqat odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga yuqori darajada xavf tug‘diradigan omillar mavjud bo‘lgan taqdirda, ko‘pi bilan 10 ish kuniga to‘xtatishi mumkin.
Faoliyatni 10 ish kunidan ortiq, biroq olti oydan oshmagan muddatga to‘xtatib turishga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.
Yangi tartib qachondan kuchga kiradi?
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 14-iyulda qabul qilingan va Senat tomonidan 8-avgustda ma’qullangan.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tib, 18-noyabrda kuchga kiradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda tadbirkorlik subyektlarining o‘z arizasi asosida faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ