Fitch O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”ga oshirdi

Biroq agentlik holi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hajmining nisbatan pastligi va xomashyo eksportiga bog‘liqlik salbiy ta’sir qilayotganini ham qayd etgan

Fitch O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”ga oshirdi

Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqladi va reyting prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi. Bu haqda agentlikning 3-iyun kuni e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda Fitch O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirib, “BB-”dan “BB” darajasiga ko‘targan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yildan buyon dunyoda atigi 15 ta davlat 12 oy ichida ham reyting bahosi, ham uning prognozini ketma-ket yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan.

Agentlik reyting prognozining “ijobiy”ga oshirilishini mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosat bilan izohladi. Fitch global iqtisodiyotdagi noaniqliklarga qaramay, O‘zbekistonda o‘rta muddatda barqaror iqtisodiy o‘sish va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishini kutmoqda.

Hisobotda fiskal va monetar islohotlarning davom etishi budjet taqchilligini qisqartirish, makroiqtisodiy siyosat samaradorligi va shaffofligini oshirish hamda xalqaro zaxiralarni ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar davlat boshqaruvi sifati ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Fitch bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonning “BB” darajasidagi reytingi davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan past darajada ekani, katta tashqi moliyaviy buferlar va yuqori iqtisodiy o‘sish salohiyatini aks ettiradi.

Biroq agentlik aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hajmining nisbatan pastligi, iqtisodiyotning xomashyo eksportiga yuqori darajada bog‘liqligi hamda inflyatsiya bosimi mamlakat reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar bo‘lib qolayotganini qayd etdi.

O‘zbekistonning kredit reytingi yaxshilanishiga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatimizga bildirilgan yuksak ishonch belgisidir. Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz. Strategik maqsadimiz — 2030-yilga qadar yurtimiz reytingini “investitsiyaviy” darajaga olib chiqish, — deydi u o‘z Telegram kanalida.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda 40 ta yangi yoqilg‘i quyish stansiyalari quriladi
/
Toshkentda 40 ta yangi yoqilg‘i quyish stansiyalari quriladi
BAAning Rotana tarmog‘i O‘zbekistonda mehmonxonalar ochishni rejalashtirmoqda
/
BAAning Rotana tarmog‘i O‘zbekistonda mehmonxonalar ochishni rejalashtirmoqda
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi