Moliya vazirligi “Uzbekistan Airways” IPO’si 2027-yilgacha kechiktirilishini ma’lum qildi
Milliy aviakompaniya aksiyalarining 15–20 foizini IPO orqali joylashtirish dastlab 2026-yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan edi
Фото: Kapital.uz
2026-yilning ikkinchi yarmida xususiylashtirilishi rejalashtirilgan “Uzbekistan Airways” aksiyalarini IPO orqali joylashtirish 2027-yilga qoldiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati vakili Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
Dastlab Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” aksiyalarining 15–20% ini 2026-yilning ikkinchi yarmida IPO orqali ommaviy savdoga chiqarish rejalashtirilgan edi.
Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, muddatning o‘zgarishi kompaniyani IPO jarayoniga puxta tayyorlash va barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq.
Hozirgi bosqichda kompaniyani IPO’ga chiqarish 2027-yilga rejalashtirilmoqda. Bu kompaniyani mazkur jarayonga puxta tayyorlash, shuningdek, barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq, — dedi vazirlik vakili.
Ayni paytda “Uzbekistan Airways” ni transformatsiya qilish va IPO’ga tayyorlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Muddat o‘zgarishi haqida avval ham aytilgan
“Uzbekistan Airways” IPO’sining 2027-yilga qoldirilishi haqida avvalroq ham ma’lumot berilgan edi. 2026-yil iyunida hukumat “Uzbekistan Airways” va “O‘ztelekom” aksiyalarining xalqaro fond bozorlariga chiqishini 2027-yilga rejalashtirayotganini bildirgan.
O‘sha paytda Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat kompaniyalarini IPO’ga olib chiqishdan oldin ularni chuqur transformatsiya qilish zarurligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Prezident matbuot xizmati 15-iyulda “Uzbekistan Airways” qatorida yana to‘rtta kompaniya — “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbektelekom” bo‘yicha ishlarni shu yilning o‘zida yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Transformatsiya dasturida 115 ta chora bor
“Uzbekistan Airways” uchun Franklin Templeton vakillari ishtirokida 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan.
Prezident tanishgan taqdimotda dastur to‘liq amalga oshirilsa, aviakompaniyaning yillik operatsion daromadini $120 mlngacha oshirish imkoniyati borligi qayd etilgan.
Dastur doirasida yo‘nalishlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni ko‘paytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, kechikish va reyslar bekor qilinishini kamaytirish, shuningdek, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish tizimlari samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu choralar kompaniyaning bozor qiymatini $1,6 mlrddan $2,3 mlrdgacha oshirish imkonini berishi prognoz qilinmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ