2026-yil yakuniga qadar 5 ta davlat korxonasi IPOga chiqariladi

Xususan, “Uzbekistan Airways” 15−20% aksiyalari sotilib, bozor qiymati $2,3 mlrdgacha oshirilishi mumkin

2026-yil yakuniga qadar 5 ta davlat korxonasi IPOga chiqariladi

Davlat rahbariga so‘nggi yillarda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv va xalqaro hisobot standartlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan oy Milliy investitsiya jamg‘armasi ilk bor xalqaro bozorda $690 mln qiymatidagi aktivlarni joylashtirgan. Joylashtirish jarayonida investorlar tomonidan qariyb $3 mlrdlik buyurtmalar kelib tushgan bo‘lib, talab taklifdan to‘rt baravar yuqori bo‘lgan.

Endilikda jamg‘arma portfelidagi 13 ta yirik kompaniyani transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash ishlari jadallashtiriladi. Jumladan, “Uzbekistan Airways”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbektelekom” bo‘yicha ishlarni joriy yilning o‘zida yakunlash maqsad qilingan.

“Franklin Templeton” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “Uzbekistan Airways” faoliyati diagnostika qilinib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dastur to‘liq amalga oshirilsa, aviakompaniyaning operatsion daromadlarini yiliga $120 mlnga oshirish mumkin.

Xususan, marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni ko‘paytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, reyslarning bekor qilinishi va kechikishlarini kamaytirish, shuningdek, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish korxonalari samaradorligini oshirish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Mazkur choralar natijasida “Uzbekistan Airways”ning bozor qiymatini hozirgi $1,6 mlrddan $2,3 mlrdgacha oshirish mumkin. Biroq taqdimotda transformatsiya dasturining amalga oshirilishi sust kechayotgani ta’kidlandi.

Prezident kompaniyani xalqaro kapital bozoriga olib chiqish uchun boshqaruv sifatini tubdan yaxshilash, moliyaviy intizomni mustahkamlash, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, yil yakunigacha “Uzbekistan Airways”ning 15−20% aksiyalarini xalqaro IPO orqali sotish rejalashtirilmoqda. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini balansdan chiqarish hamda davlat buyurtmasi asosida ko‘rsatilgan xizmatlarni qoplash mexanizmini joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

Taqdimotda turizm oqimining jadal o‘sishi aviakompaniya oldiga yangi vazifalarni qo‘yayotgani ham qayd etildi. Yil boshidan buyon O‘zbekistonga kelgan turistlar soni 27,5% ga oshib, qariyb 5,5 mln nafarga yetgan. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQShdan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli ko‘paygan.

Shu bilan birga, milliy aviakompaniya ushbu o‘sishga yetarli darajada tez moslasha olmayotgani, jumladan, samolyotlar parkini kengaytirish ishlari kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartib asosida tashkil etish, samolyotlar parkini kengaytirish bo‘yicha qarorlarni tezkor qabul qilish va ushbu jarayonlarga xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviahabiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va “Yangi Toshkent” aeroporti o‘rtasidagi hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish zarurligini qayd etdi.

Mutasaddilarga Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidagi korxonalarni transformatsiya qilish bo‘yicha alohida loyiha ofisini ishga tushirish, boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozorlari tajribasiga ega mutaxassislarni jalb qilish hamda har bir korxona bo‘yicha IPOga tayyorgarlikning aniq grafigini ishlab chiqish va uning ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
/
O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
/
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi