Temu O‘zbekistonda taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagan
Soliq qo‘mitasi vakili soliqlar to‘langanda kompaniya faoliyati qonuniylashtirilishini ma’lum qildi
Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagan. Bu haqda 1-aprel kuni Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Mirzayev: “Dastlabki hisob-kitoblar natijasida Temu tomonidan taxminan 46 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bo‘yicha $3,55 mln) soliqlar to‘lanmagani aniqlandi. Marketpleysga ushbu soliq to‘lovlari bo‘yicha e’tiroz xati berilgan. Qachon u soliqlarni to‘lasa, biz faoliyatini legallashtirish imkoniyatini yaratib beramiz”, — deya ta’kidladi.
Shuningdek, u barcha elektron platformalarga soliq majburiyati bo‘yicha ogohlantirish xati berilganini ma’lum qildi. Xususan, Wildberries marketpleysi 51 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘laganini, unga ijobiy xulosa berilganini aytib, “qonunchilik asosida ishlashi mumkin, bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, dedi.
Shu bilan birga, Mirzayev hisoblangan soliqlar tekshirilmaganini, soliq qarzdorligi to‘lanmagan holatda, to‘liq tartibda tekshiruv amalga oshirilishini hamda soliq majburiyati bajarilishi yuzasidan alohida ma’lumotlar taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.
Mart oyida Temu rasman yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Shunga qaramay 20-mart kuni kompaniya mamlakatda bloklandi. Bu holatga ILMA vakili izoh berishicha, kompaniya yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar O‘zbekistondagi faoliyati davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashi shart.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ