Uzbekistan Airports Farg‘ona aeroportidagi uchta tijorat obyektini ijaraga qo‘ydi
Auksion g‘oliblari muzlatkich ombori, CIP-zal va avtoturargoh infratuzilmasini modernizatsiya qilishi lozim bo‘ladi
Фото: Uzbekistan Airports
Uzbekistan Airports Farg‘ona xalqaro aeroporti hududidagi muzlatkich ombori, CIP-zal va avtoturargoh majmuasini ijaraga berish bo‘yicha auksionlar e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, obyektlar tadbirkorlarga uch yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga taklif etilmoqda. Auksionlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror kompaniya boshqaruvi tomonidan 5-may kuni qabul qilingan.
Maydoni 396 kvadrat metr bo‘lgan, shift balandligi 5 metrni tashkil etuvchi muzlatkich ombori yuklarni -6°C haroratgacha saqlash uchun mo‘ljallangan. Ijarachi uskunalarning soz holatini ta’minlashi va yuklarning saqlanishi uchun javobgar bo‘ladi. Bir yillik ijara uchun boshlang‘ich narx 190,08 mln so‘m etib belgilangan.
Terminaldagi 110 kvadrat metrlik CIP-zal esa uch yil muddatga ijaraga beriladi. Shartlarga ko‘ra, auksion g‘olibi uch oy ichida zal maydonini 178 kvadrat metrgacha kengaytirishi kerak. Ijara narxi har oy kvadrat metri uchun 200 ming so‘mni tashkil etadi. Uch yillik ijara bo‘yicha boshlang‘ich qiymat 1,281 mlrd so‘m etib belgilangan.
Maydoni 6 577 kvadrat metr bo‘lgan va 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh ham uch yil muddatga ijaraga beriladi. Ijarachi avtoturargohning tunu kun ishlashini ta’minlashi, avtomobil raqamlarini aniqlash tizimini joriy etishi, to‘lov jarayonlarini avtomatlashtirishi, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari hamda axborot tablolarini o‘rnatishi lozim bo‘ladi.
Mazkur obyekt bo‘yicha boshlang‘ich ijara narxi uch yil uchun 7,1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, ijarachi yillik aylanmasining 5% ini ham to‘lab boradi.
Kommunal xizmatlar xarajatlari alohida shartnomalar asosida qoplanadi. Muzlatkich ombori va CIP-zal bo‘yicha auksionlar 15-iyun kuni, avtoturargoh bo‘yicha savdolar esa 19-iyun kuni o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ