O‘zbekistonda rieltorlar va ko‘chmas mulk agentliklarining yagona reyestri joriy etiladi
Sohada litsenziyalash bekor qilinib, rieltorlik xizmatlarining to‘rt turi belgilandi
O‘zbekistonda rieltorlik xizmatlari bozori ishtirokchilarining yagona reyestri, shuningdek, ko‘chmas mulk agenti uchun yangi maqom joriy etiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili OAV bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun 2026-yil 8-avgustda qabul qilingan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hujjatning 2010-yildan buyon amal qilgan avvalgi tahriri asosan litsenziyalash va davlat nazorati masalalarini tartibga solgan.
Litsenziyalash bekor qilingach, bozorda faoliyat yuritayotgan rieltorlar va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar yagona tizimda jamlanmay qolgan. Yangi reyestrga malaka sertifikatiga ega rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari, ko‘chmas mulk agentlari va ushbu sohadagi jamoat birlashmalari kiritiladi.
Yangiliklardan biri ko‘chmas mulk agenti uchun alohida maqom joriy etilishidir. Malaka sertifikatiga ega rieltordan farqli ravishda, agent sertifikat olmasdan, shartnoma asosida faoliyat yuritishi hamda axborot-maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
Agentlik tushuntirishicha, bunday maqomning joriy etilishi amalda ko‘chmas mulk bozorida faoliyat yuritayotgan, biroq ilgari alohida huquqiy maqomga ega bo‘lmagan “maklerlar” faoliyatini qonuniy maydonga olib chiqish imkonini beradi.
Rieltor sifatida faoliyat yuritish uchun esa malaka sertifikati talab etiladi. Uni tegishli ta’limni olgan va imtihondan o‘tgan shaxslar qo‘lga kiritishi mumkin. Sertifikatlarni berish vakolati professional jamoat birlashmalariga yuklatiladi.
Qonunda rieltorlik xizmatlarining to‘rt turi belgilangan:
- ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarda vositachilik qilish;
- axborot-maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatish;
- auksion savdolarini o‘tkazish;
- ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk obyektlari joylashtiriladigan yagona elektron platforma — multilistинг tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Rieltorlar va mijozlar tegishli shartnomalar asosida platformaga joylashtirilgan obyektlar bilan ishlashi mumkin bo‘ladi.
Bunda rieltorlik faoliyatini litsenziyalash bekor qilinganicha qoladi. Jismoniy shaxslar malaka sertifikatini olgach, bozorda mustaqil faoliyat yuritishi mumkin.
Tartibga solish bo‘yicha ayrim vakolatlar professional jamoat birlashmalariga o‘tkaziladi. Hozirda ushbu sohada uchta shunday birlashma faoliyat yuritmoqda. Ularga malaka sertifikatlarini berish vakolati ham topshiriladi.
Rieltorlik tashkilotlari professional jamoat birlashmalaridan biriga a’zo bo‘lishi kerak. Ular yuridik shaxs, jumladan, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat yuritishi mumkin.
Ko‘chmas mulk agentlari esa yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritishi va tanlangan maqomga muvofiq soliqlarni to‘lashi mumkin. Agentlik qayd etishicha, yangi talablar rieltorlik xizmatlari narxining oshishiga olib kelmasligi kerak.
Qonun 2026-yil 8-noyabrdan kuchga kiradi. Ungacha zarur normativ hujjatlar ishlab chiqilishi lozim. Ularning bir qismi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, ayrim normalar esa Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ