Raqobat qo‘mitasi TBC Group’ga oid kompaniyaning OLX’ni sotib olishini ma’qulladi

Qo'mita bir qator talablar doirasida to‘lovlarni faqat Payme va TBC orqali amalga oshirmaslik shartini kiritdi

Raqobat qo‘mitasi TBC Group’ga oid kompaniyaning OLX’ni sotib olishini ma’qulladi

Raqobat qo‘mitasi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “Tapuz Limited” “OLX Classifieds” MCHJ XK (OLX Uzbekistan)ning 100% ulushini sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi. 

“Tapuz Limited” — korxonalarga investitsiya kiritish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi (holding) tashkilot hisoblanadi. “OLX Classifieds” MCHJ XK — “OLX” savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platforma operatori sifatida faoliyat yuritadi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida “Tapuz Limited” kompaniyasining asosiy aksiyadori bo‘lgan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi O‘zbekistonda “TBC bank” raqamli tijorat banki hamda “Payme” onlayn to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi, shuningdek, “Payme” AJ  va “OLX Classifieds” MCHJ XK raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilganligi inobatga olindi

Shu bilan birga, “Tapuz Limited” kompaniyasi O‘zbekistonda onlayn reklama xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustav fondida ulushga ega emasligi aniqlandi.

Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bo‘yicha raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, bir qator talablarga rioya qilinishi belgilandi:

  • “Tapuz Limited” kompaniyasining aksiyadorlaridan biri hisoblangan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali “OLX” raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • “OLX” raqamli platformasi orqali to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash;
  • “OLX” raqamli platformasi orqali xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda faqat “Payme” yoki “TBC bank” mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi to‘lov xizmatlari uchun teng sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish.

Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga to‘liq rioya qilishi lozim.

Eslatib o’tamiz, 2025-yilning avgust oyida TBC Bank Group OLX Group (Prosus)dan OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olganini e’lon qilgandi. Bitim summasi oshkor qilinmagan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruv raisi etib tayinlandi
/
Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruv raisi etib tayinlandi
Uzbekistan Airports Farg‘ona aeroportidagi uchta tijorat obyektini ijaraga qo‘ydi
/
Uzbekistan Airports Farg‘ona aeroportidagi uchta tijorat obyektini ijaraga qo‘ydi
Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan turistlar oqimi 30% dan ko‘proqqa oshdi
/
Rossiyadan O‘zbekistonga kelayotgan turistlar oqimi 30% dan ko‘proqqa oshdi