OLX O‘zbekistondagi onlayn e’lonlar bozorida ustun mavqega ega platforma deb tan olindi
Platforma uchun majburiy antimonopoliya nazorati tizimi joriy etiladi
Фото: Depositphotos
Onlayn e’lonlar joylashtirish servisi “OLX Classifieds” internet reklama va e’lonlar bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida rasman e’tirof etildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tegishli idora buyrug‘iga ko‘ra, servis e’lonlarni joylashtirish xizmatlari segmentida yetakchi o‘rinni egallagan operator maqomini oldi.
Shu munosabat bilan platforma faoliyatiga qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qiluvchi maxsus tizim — antimonopol komplayens joriy etiladi. Mazkur tartib majburiy hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, ushbu choralar kompaniya bozordagi ustun mavqeidan noqonuniy foydalanishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, regulyator platforma faoliyatini muntazam ravishda kuzatib borishni ham rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida TBC Bank xalqaro Titan Investments bilan birgalikda “OLX Uzbekistan”ning 100% aksiyalarini “Prosus” tarkibidan sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Kelishuvga ko‘ra, bank qo‘shma korxonadagi nazorat ulushi — 50% va yana bir aksiyaga egalik qilishi belgilangan, biroq bitimning moliyaviy tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ