Toshkent shahrida peshlavhalarni majburiy demontaj qilish ishlari qayta boshlandi
Dodo Pizza vakili Sergelidagi filial peshlavhasi hujjatlarsiz, majburiy buzilgani, bino elektr va internetdan uzilgani haqida ma'lum qildi
O‘zbekistondagi Dodo Pizza tarmog‘ining franshiza hamkori Dinara Islamova Toshkentdagi filiallardan birida yuz bergan holat bo‘yicha Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovga murojaat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, 8-iyun kuni Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli ko‘chasida joylashgan filialga o‘zini tuman hokimligi vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar kelib, korxona peshlavhasini olib tashlashni talab qilgan.
Mas’ullar tomonidan xizmat guvohnomasi yoki vakolatni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan. Shunga qaramay, ishchilar jalb qilinib, peshlavha majburiy tartibda demontaj qilingan. Natijada korxona mulkiga zarar yetkazilgan.
Murojaatda bino egasiga ham qo‘shimcha talablar qo‘yilgani aytiladi. Xususan, unga hududni obodonlashtirish, plitka yotqizish, sug‘orish tizimi tashkil etish va boshqa ishlarni o‘z mablag‘i hisobidan bajarish topshirilgan.
Dinara Islamovaning ma’lum qilishicha, keyinchalik bino elektr energiyasi va internet tarmog‘idan uzilgan. Oqibatda Dodo Pizza filiali bilan birga binoning yuqori qavatida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasi ham ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Shuningdek, murojaatda ichki ishlar organlari xodimlari harakatlari yuzasidan ham e’tiroz bildirilgan. Unga ko‘ra, hodisani videoga olayotgan filial rahbaridan mobil telefon topshirilishi talab qilingan hamda tasvirga olingan videolar o‘chirib tashlangan.
Franshiza hamkori Savdo-sanoat palatasidan vaziyatni nazoratga olish, vakolatli organlarga so‘rovlar yuborish va mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berishda ko‘maklashishni so‘ragan.
Mazkur holat prezident Shavkat Mirziyoyev peshlavhalar bo‘yicha tartiblarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan berilgan takliflarni ma’qullaganidan so‘ng yuz bermoqda. Takliflarga ko‘ra, korxona nomi va faoliyat turini ko‘rsatuvchi axborot belgilarini reklama sifatida baholamaslik hamda ular uchun alohida ruxsatnoma talab qilmaslik nazarda tutilgan.
Biznes-ombudsman aprel oyida Toshkentning “Dizayn-kodi” qarorini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgandi. Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani aniqlangan. Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, tadbirkorlikka ta’sir qiluvchi qarorlar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmagan holda qabul qilingan.
2025-yilda peshlavhalar va transport vositalaridagi reklama joylari uchun pasport rasmiylashtirmagan yuridik shaxslarga 384 nafar shaxsga jami 8,2 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ