Korxona nomi aks etgan peshlavhalar reklama sifatida baholanmasligi mumkin
Buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirish talabini ham bekor qilish taklif etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Kapital.uz avval xabar berganidek, Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, unda ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Masalan, amaldagi tartibga koʻra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va toʻlovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qoʻshimcha maʼmuriy yuk boʻlishi bilan birga savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi toʻgʻrisida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga oʻz savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham eʼtibor qaratilgan.
Bugungi kunda banklar balansida qiymati $10 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish boʻyicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga toʻxtalib oʻtildi. 2021-2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari oʻz faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida toʻliq aks ettirmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga har bir loyihani oʻrganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida toʻgʻri aks ettirishni taʼminlash topshirildi.
Aprel oyi oxirlarida bo’lib o’tgan Savdo-sanoat palatasining tashqi reklama va peshtaxtalarni yagona dizayn-kod asosida tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan ochiq uchrashuvida bir nechta tadbirkorlar ayni shu masalaga to’xtalgandi.
Qayd etilishicha, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda peshtaxta (viveska) tushunchasi alohida ajratilmagan. Natijada, hajmi 1 kvadrat metrdan oshadigan har qanday tashqi yozuv reklama vositasi sifatida baholanmoqda va unga oylik to‘lov undirilmoqda.
Tadbirkorlar ta’kidlashicha, masalan, “dorixona” yoki do‘kon nomi yozilgan oddiy peshtaxta reklama xarakteriga ega emas, balki obyektning faoliyat turini bildiradi. Shunga qaramay, u ham reklama sifatida talqin qilinib, qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar qonunchilikka peshtaxta tushunchasini kiritish, uning o‘lchami va mezonlarini belgilash hamda bunday yozuvlarni reklama toifasidan chiqarishni taklif qildi. Shuningdek, bu borada amaldagi dizayn-kod talablarini qonun bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari yozgi ayvonlar (terrasa) bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘tardi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayvonlar uchun ijara to‘lovlari yuqori bo‘lib, ayrim hollarda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha 60 ming so‘m (taxminan $5) ni tashkil etmoqda. Bu esa oyiga o‘rtacha 20 mln so‘mgacha qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ