Toshkentdagi peshtaxtalarni reklama sifatida baholash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi
Tadbirkorlar peshtaxtalarni reklama obyektidan chiqarib, qonunchilikni dizayn-kodga moslashtirishni so‘ramoqda
Foto: Savdo sanoat palatasi
Savdo-sanoat palatasida tashqi reklama va peshtaxtalarni yagona dizayn-kod asosida tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan ochiq uchrashuvda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.
Muhokama davomida qayd etilishicha, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda peshtaxta (viveska) tushunchasi alohida ajratilmagan. Natijada, hajmi 1 kvadrat metrdan oshadigan har qanday tashqi yozuv reklama vositasi sifatida baholanmoqda va unga oylik to‘lov undirilmoqda.
Tadbirkorlar ta’kidlashicha, masalan, “dorixona” yoki do‘kon nomi yozilgan oddiy peshtaxta reklama xarakteriga ega emas, balki obyektning faoliyat turini bildiradi. Shunga qaramay, u ham reklama sifatida talqin qilinib, qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar qonunchilikka peshtaxta tushunchasini kiritish, uning o‘lchami va mezonlarini belgilash hamda bunday yozuvlarni reklama toifasidan chiqarishni taklif qildi. Shuningdek, bu borada amaldagi dizayn-kod talablarini qonun bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari yozgi ayvonlar (terrasa) bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘tardi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayvonlar uchun ijara to‘lovlari yuqori bo‘lib, ayrim hollarda 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha 60 ming so‘m (taxminan $5) ni tashkil etmoqda. Bu esa oyiga o‘rtacha 20 mln so‘mgacha qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda .
Tadbirkorlar ushbu hududlar ko‘pincha faqat mavsumiy foydalanilishini, qish oylarida esa amalda ishlatilmasligini qayd etib, tariflarni qayta ko‘rib chiqish yoki differensial yondashuv joriy etishni taklif qildi.
Bundan tashqari, yozgi ayvonlar uchun ijara shartnomalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarning o‘zlari bilan tuzish, subarenda mexanizmini soddalashtirish hamda E-ijara tizimi orqali huquqlarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda, shuningdek, tutash hududlardan foydalanishda tadbirkorlarni majburiy ijaraga undash holatlari ham tilga olinib, bu borada aniq va shaffof tartiblarni belgilash zarurligi qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu takliflar amaliyotga joriy etilsa, tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha xarajatlar kamayadi va shahar infratuzilmasini tartibga solish yanada samarali yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ