Jismoniy shaxslar kartalari o‘rtasida komissiyasiz pul o‘tkazish tizimi joriy qilish taklif qilindi

Shuningdek, xavfsizlik uchun SMS-xabarnomalar oʻrniga biometrik identifikatsiyadan foydalanish mumkin

Jismoniy shaxslar kartalari o‘rtasida komissiyasiz pul o‘tkazish tizimi joriy qilish taklif qilindi

Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda raqamlashtirish va naqd pulsiz toʻlovlar yoʻnalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi. Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Jismoniy shaxslarning oʻz bank kartalari oʻrtasidagi pul oʻtkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz toʻlovlarni aholi uchun qulay boʻlgan shakllarini koʻpaytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilgʻi sotish sohalarida xarid cheki boʻyicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar boʻyicha xarajatlarni qayta koʻrib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.

Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar yoʻnalishida soliq imtiyozlarini qoʻllashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi boʻyicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi boʻyicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini toʻxtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi. Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, “Oʻzekspomarkaz” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targʻib qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha toʻsiqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qoʻshimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda steyblkoinlardan to‘lov va xalqaro o‘tkazmalarda foydalanishga ruxsat berildi
/
O‘zbekistonda steyblkoinlardan to‘lov va xalqaro o‘tkazmalarda foydalanishga ruxsat berildi
O‘zbekistonda 10 dan ortiq bank islomiy bank xizmatlarini joriy etadi
/
O‘zbekistonda 10 dan ortiq bank islomiy bank xizmatlarini joriy etadi
Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi
/
Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi