Biznes-ombudsman Toshkentning “Dizayn-kodi” qarorini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi
Hujjatning ayrim bandlari qonunchilikka zid deb topilib, tadbirkorlar manfaatlarini inobatga olish so‘ralmoqda
Foto: Toshkent shahri hokimligi
Biznes-ombudsman devoni Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 2026-yil 17-fevraldagi “Dizayn-kodi” to‘g‘risidagi qarori tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini o‘rgandi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani aniqlangan. Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, tadbirkorlikka ta’sir qiluvchi qarorlar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmagan holda qabul qilingan.
Shuningdek, hujjatda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning aniq huquqiy mezonlari ko‘rsatilmagan. Mutaxassislar fikricha, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk huquqlariga, xususan ro‘yxatdan o‘tgan brend identifikatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, bir nechta obyektlarga ega tarmoq brendlar manfaatlari yetarli darajada hisobga olinmagan.
Bundan tashqari, yangi talablarga moslashish uchun ajratilgan 3 oylik muddat yetarli emasligi qayd etildi. Qarorda jarayonni bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari ham nazarda tutilmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan Biznes-ombudsman Toshkent shahar Kengashiga qarorning tadbirkorlikka daxldor bandlarini qayta ko‘rib chiqish, tegishli o‘zgartirishlar kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha rasmiy xulosa kiritdi.
Shuningdek, Vakil devoni hujjatni tadbirkorlar manfaatlarini inobatga olgan holda qayta ishlab chiqish jarayonida o‘z mutaxassislari ishtirokini ta’minlashni taklif etdi.
Eslatib o’tamiz, 23-aprel kuni Savdo-sanoat palatasida tashqi reklama va peshtaxtalarni yagona dizayn-kod asosida tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan ayni shu masala ko’tarilgandi. Qayd etilishicha, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda peshtaxta (viveska) tushunchasi alohida ajratilmagan. Natijada, hajmi 1 kvadrat metrdan oshadigan har qanday tashqi yozuv reklama vositasi sifatida baholanmoqda va unga oylik to‘lov undirilmoqda.
Tadbirkorlar ta’kidlashicha, masalan, “dorixona” yoki do‘kon nomi yozilgan oddiy peshtaxta reklama xarakteriga ega emas, balki obyektning faoliyat turini bildiradi. Shunga qaramay, u ham reklama sifatida talqin qilinib, qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan ishtirokchilar qonunchilikka peshtaxta tushunchasini kiritish, uning o‘lchami va mezonlarini belgilash hamda bunday yozuvlarni reklama toifasidan chiqarishni taklif qildi. Shuningdek, bu borada amaldagi dizayn-kod talablarini qonun bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Toshkent shahar hokimligi aprel oyi boshida tashqi reklama konstruksiyalari noqonuniy demontaj qilingan tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lanishini ma’lum qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ