O‘zbekistonda naqd to‘lovlar bo‘yicha cheklov miqdori 25 mln so‘mdan 176 mln so‘mgacha oshirildi

BHMning 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar elektron usulda qilinadi

O‘zbekistonda naqd to‘lovlar bo‘yicha cheklov miqdori 25 mln so‘mdan 176 mln so‘mgacha oshirildi

O‘zbekistonda qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish belgilandi. Tegishli tartib prezidentning 28-avgustdan kuchga kirgan farmonida nazarda tutilgan.

Avval bunday cheklov 25 mln so‘m etib belgilangan edi. Xususan, 2026-yil 1-apreldan qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun naqd to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlangan.

Yangi tartibga ko‘ra, cheklov miqdori qat’iy summadan BHMga bog‘landi. 2026-yil 1-sentabrdan BHM 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mgacha oshirilgani sababli, uning 400 baravari 176 mln so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga, naqd pulsiz to‘lov majburiy bo‘lgan tovar va xizmatlar ro‘yxati ham belgilandi. Unga quyidagilar kiradi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanish uchun to‘lovlar. Bank kassalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari;
  • yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish hamda elektr transport vositalarini zaryadlash xizmatlari;
  • qiymati BHMning 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno;
  • ko‘chmas mulk obyektlari;
  • ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi transport vositalari;
  • maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisi.

Demak, 1-sentabrdan amalda bo‘lgan BHM miqdoridan kelib chiqib, 176 mln so‘mdan qimmatroq tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar naqd shaklda qabul qilinmaydi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq naqd valyutani pasportsiz sotib olish limiti $500 gacha oshirilgandi. Ma’lumot uchun: bunga qadar operatsiya summasi $100 dan oshgan taqdirda mijozni majburiy verifikatsiya qilish talab etilar edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bitcoin va Ethereum’ga institutsional qiziqish ortmoqda
/
Bitcoin va Ethereum’ga institutsional qiziqish ortmoqda
1-sentabr O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
/
1-sentabr O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi
/
Markaziy bank: O‘zbekiston kapital harakatini liberallashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqdi