Yilning ikkinchi choragida ipoteka kreditlari hajmi 48% ga oshdi

Yarim yilda turar joy qurilishiga 27,3 trln so‘m investitsiya yo‘naltirildi, bu jami sarmoyaning 8,1% iziga teng

Yilning ikkinchi choragida ipoteka kreditlari hajmi 48% ga oshdi

2026-yilning II choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik I chorak oxiridagi keskin o‘sishdan so‘ng nisbatan barqarorlashdi. Aprel-iyun oylarida jami 74,4 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq bitim rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,1% ga ko‘p.

Bozor faolligi chorak davomida bir xil shakllanmadi. Mart oyida eskrou tizimi joriy etilishidan oldin bitimlarning bir qismi oldindan rasmiylashtirilgani sababli faollik keskin oshgan. Yangi tartib kuchga kirgach, aprel-may oylarida bitimlar sonida vaqtinchalik pasayish kuzatilgan.

Iyun oyida esa bozor faolligi qayta tiklanib, avvalgi o‘sish trayektoriyasiga qaytdi. Bu bozor ishtirokchilarining yangi hisob-kitob tartibiga bosqichma-bosqich moslashayotganini ko‘rsatadi.

Ayrim hududlarda bitimlar soni oshdi

II chorakda bitimlar sonining eng yuqori o‘sishi Xorazm viloyatida qayd etilib, ko‘rsatkich 17,8% ga oshgan.

Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida bitimlar soni qariyb 7,5% ga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6,1% ga ko‘paygan. Toshkent shahrida esa o‘sish 2% ni tashkil etdi.

Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida bitimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz kamaygan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlardagi bunday dinamika bitimlarning oylar va choraklar kesimida bir martalik qayta taqsimlangani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, yil boshidan buyon barcha hududlarda bitimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli oshgan.

II chorakda ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif bir vaqtda o‘sdi. Talabga iqtisodiy faollik, aholi daromadlarining ko‘payishi va ipoteka kreditlari ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, taklif qurilish hajmining o‘sishi va birlamchi bozordagi yangi obyektlar sonining kengayishi hisobiga oshgan.

Ipoteka kreditlari 48% ga oshdi

2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5% ga o‘sdi. Aholining umumiy daromadlari real hisobda 9,2% ga, aholi jon boshiga daromadlar esa 7,3% ga ko‘paydi.

Shu bilan birga, ipoteka kreditlari ajratish hajmining yuqori o‘sishi, ayniqsa, birlamchi uy-joy bozoridagi talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.

II chorakda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 7,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48% ga oshdi. Birinchi yarim yillikda esa ipoteka kreditlari hajmi 13,1 trln so‘mga yetib, yillik hisobda 38% ga ko‘paydi.

Uy-joy qurilishi 7,2% ga oshdi

Yilning birinchi yarmida qurilish sohasida ham yuqori faollik saqlanib qoldi. Bajarilgan qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,8% ga oshdi.

Yanvar-iyun oylarida turar joy qurilishiga 27,3 trln so‘m investitsiya yo‘naltirildi. Bu jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 8,1% ini tashkil etdi.

Umuman, qurilish faoliyati va turar joy qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 59,8 trln so‘mga yoki jami investitsiyalarning 17,7% iga teng bo‘ldi.

2026-yilning birinchi yarmida 7,7 mln kv.m uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2% ga ko‘p. II chorakda foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni esa yillik hisobda 7,7% ga oshdi.

Ishga tushirilgan uylar soni 30,9 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 0,3% ga ko‘paydi. Uy-joylarning umumiy maydoni esa 7,2% ga oshgan.

Bu foydalanishga topshirilayotgan uylarning o‘rtacha maydoni kattalashgani va taklif tarkibida nisbatan yirik yakka tartibdagi uylarning ulushi yuqori bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.

Xorazm va Toshkentda uy-joy topshirish hajmi keskin oshdi

Hududlar kesimida foydalanishga topshirilgan uy-joylar hajmining eng yuqori o‘sishi Xorazm viloyati va Toshkent shahrida qayd etildi. Mazkur hududlarda ko‘rsatkich mos ravishda 22,9% va 21,5% ga oshgan.

Farg‘ona viloyatida uy-joy topshirish hajmi 11,3% ga, Jizzaxda 10,7% ga va Andijonda 8,2% ga ko‘paydi.

Uy-joy taklifining barqaror oshib borishi bozordagi talabni muvozanatlashtirib, narxlar dinamikasining mo‘tadil shakllanishiga xizmat qilmoqda. Qurilish ishlari va investitsiyalar hajmining yuqori o‘sishi esa kelgusi davrlarda yangi taklifning bosqichma-bosqich bozorga chiqishi uchun zamin yaratmoqda.

Birlamchi bozordagi e’lonlar 5,5% ga ko‘paydi

Ochiq internet platformalaridagi e’lonlar dinamikasi ko‘chmas mulk bozori taklifi segmentlar bo‘yicha turlicha shakllanganini ko‘rsatdi.

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, II chorakda birlamchi bozordagi ko‘chmas mulk e’lonlari soni I chorakka nisbatan 5,5% ga oshgan. Ijara bo‘yicha e’lonlar soni ham 4,9% ga ko‘paygan.

Shu bilan birga, ikkilamchi bozordagi e’lonlar soni 4,8% ga, yer uchastkalari bo‘yicha e’lonlar esa 3% ga kamaygan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Botir Qobilov: P2P-o‘tkazmalar ustidan qat’iy nazorat biznesni yana naqd pulga qaytarishi mumkin
/
Botir Qobilov: P2P-o‘tkazmalar ustidan qat’iy nazorat biznesni yana naqd pulga qaytarishi mumkin
Markaziy bank: shikoyatlar bo‘yicha antireytingga tushgan banklarga avtomatik ravishda jarima solinmaydi
/
Markaziy bank: shikoyatlar bo‘yicha antireytingga tushgan banklarga avtomatik ravishda jarima solinmaydi
2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrd investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda
/
2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrd investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda