2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrd investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda
Demografik prognozlar yirik infratuzilma loyihalari va investitsiya qarorlarini rejalashtirishda tobora muhim rol o‘ynamoqda
O‘zbekistonda demografik prognozlar endilikda uzoq muddatli infratuzilma rejalashtirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Aholi sonining o‘sishi, urbanizatsiya va ichki migratsiya jarayonlari energetika, transport, suv xo‘jaligi hamda kommunal infratuzilmaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarni belgilashda tobora ko‘proq inobatga olinmoqda.
Bu haqda Kapital.uz’ga bergan intervyusida Iqtisodiyot va moliya vazirligi demografiya, bandlik va aholi turmush darajasini prognoz qilish bo‘limi boshlig‘i Shohjahon Yusupov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari infratuzilma loyihalari asosan mavjud quvvatlar yetishmovchiligidan kelib chiqib shakllantirilgan bo‘lsa, bugungi kunda qarorlar aholining kelgusidagi joylashuvi va demografik o‘zgarishlar prognozlari asosida qabul qilinmoqda.
Xalqaro moliya institutlari, jumladan, Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalar bugungi kunda asosan energetika, transport, suv xo‘jaligi va kommunal infratuzilmaga yo‘naltirilmoqda. Chunki aynan shu tarmoqlar aholining o‘sishiga eng sezgir hisoblanadi, — dedi Shohjahon Yusupov.
Uning eslatishicha, O‘zbekiston 2025-yilda Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lganidan so‘ng, bank 2031-yilgacha mamlakatga $1,5 mlrdgacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Shundan qariyb $800 mlni yuqori integratsion salohiyatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Future Readiness Lab platformasi ishga tushirilmoqda
Vazirlik hozirda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), Yevroosiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlar bilan birgalikda Future Readiness Lab platformasini ishlab chiqmoqda.
Shohjahon Yusupovning aytishicha, loyiha amaliy bosqichga o‘tgan bo‘lib, platforma uzoq muddatli demografik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalarni tahlil qilish imkonini beradi. Shuningdek, demografik ma’lumotlardan davlat mablag‘larini yanada samarali taqsimlash, infratuzilma, mehnat bozori va ijtimoiy sohani kelajakdagi ehtiyojlarga moslashtirishda foydalanish rejalashtirilgan.
Biznes demografik prognozlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi
Yusupovning ta’kidlashicha, vazirlik kelgusida demografik prognozlarni davlat organlari bilan bir qatorda tadbirkorlar va fuqarolar uchun ham ochiq qilishni rejalashtirmoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlar Milliy statistika qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy manbalari orqali demografiya, mehnat bozori, migratsiya, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti bo‘yicha ma’lumotlardan foydalanmoqda.
Yaratilayotgan yangi platforma esa demografik prognozlar va aholi turmush darajasiga oid ma’lumotlarni yagona tizimda taqdim etishi kutilmoqda.
Bunda gap shaxsiy ma’lumotlar haqida emas, balki hududlar, yosh guruhlari, migratsiya oqimlari va mehnat bozori bo‘yicha umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlar haqida bormoqda. Aynan shunday ma’lumotlar biznes uchun investitsiya qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyatga ega, — dedi u.
Demografiya investorlar uchun muhim omillardan biriga aylangan
Shohjahon Yusupovning fikricha, O‘zbekistonning yosh aholi tarkibi xalqaro investorlar bilan muzokaralarda mamlakatning asosiy ustunliklaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Investorlar faqat bugungi bozorni emas, balki 10–20 yildan keyingi istiqbolni ham baholaydi. O‘zbekiston esa demografik dividend davrida turibdi. Bu mehnat resurslari ko‘payishi, ichki iste’mol bozorining kengayishi va iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, — dedi u.
Shu bilan birga, vazirlik vakili demografiya investitsiya qarorlarini belgilovchi yagona omil emasligini ta’kidladi. Investorlar, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlik, institutlar sifati, infratuzilma, logistika, soliq siyosati va investitsiya muhitini ham baholaydi.
Uning fikricha, demografik prognozlar esa mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish salohiyatini ko‘rsatishga xizmat qiluvchi muhim vositalardan biriga aylanib bormoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ