Markaziy bank: shikoyatlar bo‘yicha antireytingga tushgan banklarga avtomatik ravishda jarima solinmaydi

Regulyator shikoyatlar indeksi mijozlar murojaatlari bilan ishlash sifatini aks ettirishga asoslanganini ma’lum qildi

Markaziy bank: shikoyatlar bo‘yicha antireytingga tushgan banklarga avtomatik ravishda jarima solinmaydi

Markaziy bank tomonidan murojaatlar indeksining e’lon qilinishi banklarni jazolash quroli hisoblanmaydi. Regulyator matbuot xizmatining Kapital.uz’ga ma’lum qilishicha, shikoyatlar darajasi eng yuqori bo‘lgan ro‘yxatga tushishning o‘zi ma’muriy yoki moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga olib kelmaydi.

Markaziy bankning tushuntirishicha, nashrdan ko‘zlangan asosiy maqsad — banklarni mijozlar murojaatlari bilan yanada samaraliroq ishlashga, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqishning ichki mehanizmlarini takomillashtirishga undashdir. Bunda reputatsion omil asosiy rol o‘ynaydi: ko‘rsatkichlarning oshkoraligi banklarni hizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga va asosli e’tirozlar sonini kamaytirishga undaydi.

Mundan tashqari, indeks iste’molchilarga moliyaviy tashkilotni tanlashda yordam beradi, bozorning o‘ziga esa mijozlarga hizmat ko‘rsatish standartlarini oshirish uchun qo‘shimcha mo‘ljal belgilaydi.

Indeksni hisoblashda shikoyatlarning mutlaq soni emas, balki ularning bank mijozlari bazasi hajmiga bo‘lgan nisbati hisobga olinadi. Ko‘rsatkich bankning umumiy murojaatlar sonidagi ulushining uning faol mijozlari umumiy sonidagi ulushiga nisbati sifatida aniqlanadi. Hisob-kitobga Markaziy bankka bevosita hamda boshqa davlat organlari orqali kelib tushgan murojaatlar kiritiladi.

Regulyatorning ta’kidlashicha, bunday yondashuv turli miqyosdagi banklarni xolisona solishtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mijozning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Markaziy bankka yoki boshqa davlat organiga murojaat qilishi muammo bankning o‘zi tomonidan o‘z vaqtida yoki sifatli hal etilmaganidan dalolat beruvchi signal sifatida ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, indeksdagi o‘rin uchun sanksiyalarning yo‘qligi nazorat choralari mavjud emasligini anglatmaydi. Banklarning mijozlar murojaatlari bilan ishlash tartibi Markaziy bankning alohida me’yoriy hujjatlari bilan tartibga solinadi, ushbu talablarni buzganlik uchun esa javobgarlik nazarda tutilgan.

Xususan, Markaziy bankning “Banklar, nobank kredit tashkilotlari va kredit byurolariga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi 3492-sonli Nizomi ta’sir choralarini qo‘llash asoslari va mehanizmini belgilaydi. Agar murojaatlarni ko‘rib chiqish yoki tekshirishlar davomida regulyator qonunchilik yoki o‘zining me’yoriy talablari buzilganini aniqlasa, bankka nisbatan tegishli choralar qo‘llanilishi mumkin. Biroq, buning uchun bankning e’lon qilingan murojaatlar indeksiga tushgani emas, balki aynan aniqlangan qoidabuzarliklar asos bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrd investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda
/
2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrd investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda
Yangi transport loyihalarisiz Markaziy Osiyo savdo hajmlarining o‘sishini qo‘llab-quvvatlay olmaydi — Jasurbek Choriyev
/
Yangi transport loyihalarisiz Markaziy Osiyo savdo hajmlarining o‘sishini qo‘llab-quvvatlay olmaydi — Jasurbek Choriyev
O‘zbekistonda tadbirkorlarning 64%i biznes muhiti yaxshilanganini qayd etdi
/
O‘zbekistonda tadbirkorlarning 64%i biznes muhiti yaxshilanganini qayd etdi