O‘zbekistonda transport sohasiga 2030-yilgacha $9,1 mlrd investitsiya jalb qilinadi
2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini ikki barobarga oshirish va xizmatlar eksportini $5,7 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini ikki barobarga oshirish, sohaga $9,1 mlrd investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini $5,7 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Taqdimotda ushbu maqsadlarga qaratilgan infratuzilma loyihalari va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Yangi aeroportlar quriladi
Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb $3 mlrd bo‘lgan yangi aeroport majmualari qurilmoqda.
Yangi Toshkent xalqaro aeroportining dastlabki bosqichida yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarish uchun xususiy sherikni jalb etish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Urganch va Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini esa xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Toshkent–Samarqand pulli yo‘li qurilmoqda
O‘tgan oyda qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent–Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start berilgan. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi ilk pulli yo‘l ham ishga tushirilgan.
Taqdimotda Toshkent–Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent–Andijon va Toshkent–Bo‘stonliq pulli yo‘llari bo‘yicha investorlarni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanligini oshirish uchun Maktaaral–Sirdaryo, Angren–Pop, Toshg‘uzor–Boysun–Qumqo‘rg‘on, Toshkent–Samarqand va To‘qimachi–Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Ushbu ishlarga $200 mln yo‘naltirish orqali uchastkalarning o‘tkazuvchanligini 25–30% ga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi, Toshkent–Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l barpo etish, hududiy temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston xorijiy portlarda logistika markazlarini yaratadi
Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish doirasida Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish ishlari olib borilmoqda.
Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirish hamda Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishni ta’minlaydigan Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.
Bu loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda ham logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan. Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika yo‘nalishiga ixtisoslashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Yuk tashish sohasi raqamlashtiriladi
Taqdimotda yuk tashish sohasini raqamlashtirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yuk tashish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushi 42% dan yuqori ekani qayd etildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni shakllantirish va transport xizmatlarini birlashtiruvchi yagona elektron tizimning mavjud emasligi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatildi.
Shu bois yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi.
Shuningdek, xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuklar harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatlarini joriy etish choralari ko‘rib chiqildi.
Prezident loyihalarning amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilash hamda ularni o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ