Xitoylik investor Qoraqalpog‘istonda 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi

Kompaniya konga $33 mln kiritgan, topilgan oltinning qiymati amaldagi narxlarda qariyb $565 mln deb baholanmoqda

Xitoylik investor Qoraqalpog‘istonda 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi

Qoraqalpog‘istonda oltin qazib olish va uni qayta ishlash klasterini tashkil etish, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nukusda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Hozirgi vaqtda geologik ishlar mintaqa hududining bor-yo‘g‘i 20% ida olib borilgan. Yirik investorlar kirib kelayotgan bir sharoitda xomashyo zaxiralari to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlar yetarli emas, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bunga misol tariqasida Qorao‘zak tumanidagi “Urusoy” konida xitoylik investor tomonidan amalga oshirilgan loyiha keltirildi. Kompaniya $33 mln sarmoya kiritib, o‘z texnologiyalarini olib kelgan. Natijada 200 gektar maydonda 4 tonna hajmda oltin zaxirasi aniqlangan. Obyektda 320 ta ish o‘rni yaratilgan.

Jahon bozoridagi amaldagi narxlarga ko‘ra, to‘rt tonna oltinning qiymati qariyb $563 mlnni tashkil etadi. Shu bilan birga, mazkur summa sof metall qiymatini aks ettiradi va uni qazib olish, qayta ishlash hamda boshqa xarajatlarni o‘z ichiga olmaydi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda investorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish topshirildi. Shuningdek, 1 mingta ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini yaratish, geologiya-qidiruv ishlarining kompleks dasturini ishlab chiqish hamda konlar zaxiralarini qayta baholash rejalashtirilgan.

Xomashyoni mintaqaning o‘zida qayta ishlash ko‘zda tutilmoqda

Yig‘ilishda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash zarurligiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘ng‘irot tumanidagi “Borsakelmas” konidan yiliga 1 mln tonnaga yaqin texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda.

Bo‘zatov tumanidagi “Kuskanatau” konida mirabilitni qayta ishlash yiliga 45 ming tonnagacha natriy sulfati ishlab chiqarish imkonini beradi. Astraxanitdan esa magniy sulfati olish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya kompaniyasi Beruniy tumanidagi kvarsit koniga $30 mln investitsiya kiritish niyatida. U yerda kristall kremniy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va keyinchalik yiliga $25 mlnlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida bir tonna kristall kremniy taxminan $5,5 ming turadi.

Kimyo sanoati mutasaddilariga ilgari belgilangan $400 mlnlik loyihalarga qo‘shimcha ravishda yana $200 mlnlik loyihalarni tayyorlash topshirildi. Ularning amalga oshirilishi 5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishini ta’minlashi lozim.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bankning sobiq aksiyadori Interpol qidiruviga berildi
/
Bankning sobiq aksiyadori Interpol qidiruviga berildi
Janubiy Koreya O‘zbekistondan qurilish sohasiga mutaxassislarni jalb qiladi
/
Janubiy Koreya O‘zbekistondan qurilish sohasiga mutaxassislarni jalb qiladi
O‘zbekistonda ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yildan bekor qilish taklif etildi
/
O‘zbekistonda ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlarni 2030-yildan bekor qilish taklif etildi