O‘zbekistonda startaplarga 2 mlrd so‘mgacha davlat yordami ajratilishi rejalashtirilmoqda

Yiliga 50 ta loyihani rivojlantirish uchun 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda startaplarga 2 mlrd so‘mgacha davlat yordami ajratilishi rejalashtirilmoqda

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimini isloh qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida e’lon qilindi.

Loyihada startaplarni saralash va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Ularni xalqaro mezonlar asosida baholash, loyihalarni rivojlantirish uchun esa inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Har yili kamida 50 ta startap davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Buning uchun 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xususiy investorlar, kompaniyalar va venchur fondlardan har yili kamida $500 ming jalb qilish rejalashtirilmoqda.

2027-yil 1-yanvardan boshlab startaplar uchun ariza topshirish, saralash va moliyalashtirish jarayonlarini to‘liq raqamli formatga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Buning uchun maxsus platforma, shuningdek, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar reyestri tashkil etiladi.

Davlat tomonidan moliyalashtirish faqat inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlaridan o‘tgan startaplarga ajratiladi. Yangi platformada loyihalarga qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish imkonini beruvchi kraudfanding funksiyasini ham ishga tushirish rejalashtirilgan.

Startaplar qancha mablag‘ olishi mumkin?

Davlat ko‘magining miqdorini loyihaning texnologik tayyorgarlik darajasi — TRLga bog‘lash taklif qilinmoqda. Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkilotchilariga har bir startap uchun quyidagi miqdorda mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan:

  • TRL 1–3 — 30 BHMgacha, ya’ni 13,2 mln so‘mgacha;
  • TRL 4–6 — 50 BHMgacha, ya’ni 22 mln so‘mgacha;
  • TRL 7–9 — 70 BHMgacha, ya’ni 30,8 mln so‘mgacha.

TRL 4–6 darajasidagi va dastur yakunlari bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatgan startaplar 485 BHMgacha, ya’ni 213,4 mln so‘mgacha qo‘shimcha moliyalashtirish uchun da’vogarlik qilishi mumkin.

TRL 7 va undan yuqori darajadagi loyihalar uchun investitsiyaning maksimal miqdori 4,5 ming BHMni, ya’ni 1,98 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bunda davlat mablag‘lari startap asoschisi xususiy investitsiyalarni ham jalb qilishi sharti bilan ajratiladi.

Loyihalarni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish Innovatsiyalar va sanoat integratsiyasi kengashi tomonidan ma’qullanadi. Kengash tarkibi Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi moliyalashtirilgan loyihalarga reklama va marketing masalalarida ham ko‘maklashadi. Markaz yiliga kamida ikki marta istiqbolli ishlanmalarni davlat organlari va tarmoq korxonalarida joriy etish bo‘yicha takliflarni tegishli tashkilotlarga kiritadi.

Qaror loyihasi muhokamasi 2-oktyabrgacha davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga talab $44,3 mlrdga yetdi
/
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga talab $44,3 mlrdga yetdi
O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari 9,8%gacha pasaydi
/
O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari 9,8%gacha pasaydi
O‘zbekistonda transport sohasiga 2030-yilgacha $9,1 mlrd investitsiya jalb qilinadi
/
O‘zbekistonda transport sohasiga 2030-yilgacha $9,1 mlrd investitsiya jalb qilinadi