O‘zbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari 9,8%gacha pasaydi
Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, aholi kelgusi 12 oyda narxlar o‘rtacha 9,8%ga oshishini kutmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bankning avgust oyida o‘tkazgan so‘rovi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya bo‘yicha o‘rtacha kutilmasi 9,8%ni tashkil etdi. Bu iyun va iyul oylaridagi ko‘rsatkichdan 0,3% bandga past.
Median ko‘rsatkich ham iyul oyidagi 9%dan keyin avgustda yana 8%ga tushdi.
Hududlar kesimida narxlar o‘sishining eng yuqori prognozi Farg‘ona viloyatida qayd etildi — 11,7%. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri (11,4%) va Surxondaryo viloyati (10,9%) bo‘ldi.
Eng past kutilmalar Jizzax (8,1%), Xorazm (8,4%), Navoiy va Buxoro (8,6%dan) viloyatlarida qayd etildi.
Kasblar bo‘yicha eng yuqori prognozlar IT sohasi vakillarida kuzatildi — 11,4%. Xizmat ko‘rsatish va transport sohasi vakillari mos ravishda 11,1% va 10,9% inflyatsiyani kutmoqda.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari va talabalar orasidagi kutilmalar esa 8,7% bilan eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Yuqori daromadli fuqarolar narxlar oshishini ko‘proq kutmoqda
Oyiga 30 mln so‘m va undan yuqori daromad oladigan respondentlar kelgusi 12 oy uchun inflyatsiyaning eng yuqori prognozini berdi — 15,8%.
15–20 mln so‘m daromad oladiganlar 12,4%lik, 7–15 mln hamda 20–30 mln so‘m daromadli guruhlar esa 10,5–11%lik narxlar o‘sishini kutmoqda.
Eng past kutilmalar 2 mln so‘mgacha daromad oladiganlar (7,9%) hamda 2–4 mln so‘m daromadli respondentlarda (9%) qayd etildi.
Kommunal va energiya xarajatlari asosiy omil bo‘lib qolmoqda
Respondentlarning 53%i uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining, 52%i esa energiya resurslari xarajatlarining oshishini inflyatsion kutilmalarga ta’sir qiluvchi asosiy omil sifatida ko‘rsatgan.
Transport xarajatlari 32% bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Ish haqi va nafaqalar oshishini qayd etgan respondentlar ulushi 28%ni tashkil etdi.
Valyuta kursidagi o‘zgarishlar esa 14% bilan so‘rovda qayd etilgan omillar orasida eng past ulushga ega bo‘ldi.
Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasaydi
Biznes vakillarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya bo‘yicha o‘rtacha prognozi 9,6%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyiga nisbatan 0,2 foiz bandga, iyunga nisbatan esa 0,3% bandga past bo‘lib, kuzatuvlar boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi.
Tadbirkorlarning median bahosi ham iyul oyidagi 9%dan avgustda 8%ga kamaydi.
Hududlar orasida eng yuqori kutilma Qoraqalpog‘istonda qayd etildi — 11,5%. Farg‘ona viloyatida bu ko‘rsatkich 11,4%, Toshkent viloyatida 10,3% va Toshkent shahrida 9,9% bo‘ldi.
Eng past prognozlar Navoiy (8,3%) va Namangan (8,7%) viloyatlarida qayd etildi.
Tarmoqlar kesimida tashish va ta’lim sohalari vakillari 10,9%lik, qishloq xo‘jaligi vakillari esa 10,6%lik inflyatsiyani kutmoqda. Hunarmandlarda bu ko‘rsatkich 7%ni tashkil etdi.
Biznes vakillari uchun inflyatsion kutilmalarga eng ko‘p ta’sir qilayotgan omil energiya resurslari xarajatlarining oshishi bo‘lib, uni respondentlarning 55%i qayd etgan. Uy-joy kommunal xizmatlari tariflari 50%, transport xarajatlari esa 34% bilan keyingi o‘rinlarda turibdi.
Soliq yukining oshishi va valyuta kursidagi o‘zgarishlar mos ravishda 15% va 14% respondentlar tomonidan qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ