Apex Bank xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda
Bank kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi
O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Apex Bank’ni kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maxsus rejim doirasida bank xorijiy valyutada nominal qiymati belgilangan obligatsiyalar emitenti sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda. Ushbu obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish 2026-yil 29-aprelda 3826-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Avvalroq Poytaxtbank kapital bozori “regulyator qumdoni”ga qo‘shilgani haqida xabar berilgandi. Rezidentlar ro‘yxatidan Poytaxtbank bilan bir qatorda Kapitalbank, Ipak Yo‘li Bank, Hamkorbank, Uzum Bank va Asia Alliance Bank kabi oltita bank o‘rin olgan.
ILMA 2025-yil iyul oyida ipoteka obligatsiyalari bozoriga “Tartibga solish qumdoni” rejimi haqidagi nizomni tasdiqlagandi. Hujjatning asosiy maqsadi maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish va kuzatib borish tartibini belgilashdan iborat.
Nizom ariza beruvchilarga qo‘yiladigan talablarni, arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish tartib-taomillarini, ishtirokchilar reestrini yuritishni, ishtirokchilar faoliyatini monitoring va nazorat qilish jarayonlarini, shu jumladan hisobotlarni va ularni Qumdondan chiqarib yuborish mexanizmini tartibga soladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ