Poytaxtbank kapital bozori “regulyator qumdoni”ga qo‘shildi
Moliyaviy muassasa xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarishni rejalashtirmoqda
Фото: Kapital.uz
Poytaxtbank O‘zbekiston kapital bozorida qimmatli qog‘ozlar emissiyasini amalga oshirish maqsadida maxsus huquqiy rejimga qo‘shildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Moliyaviy tashkilot regulyator “qumdoni” (regulatory sandbox) sharoitida xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda mazkur maxsus huquqiy rejimda 19 ta ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 13 tasi so‘nggi ikki oy ichida loyihaga qo‘shilgan.
Rezidentlar ro‘yxatidan Poytaxtbank bilan bir qatorda Kapitalbank, Ipak Yo‘li Bank, Hamkorbank, Uzum Bank va Asia Alliance Bank kabi oltita bank o‘rin olgan. Shuningdek, banklarning ikkita sho‘ba tuzilmasi — Kapital Securities va HBCapital, shuningdek, Agat Credit mikromoliya tashkiloti ham ushbu maxsus rejim ishtirokchisiga aylangan.
Investitsiya vositachilari sifatida esa Kap Depo, Freedom Finance, Alkes Research va Avesta kompaniyalari faoliyat yuritadi.
Kapital bozoridagi “regulyator qumdoni”
Joriy yil aprel oyi oxirida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston hududida xorijiy valyutadagi obligatsiyalar muomalasining yangi qoidalarini tasdiqlagan edi. Mazkur normativ hujjat regulyator “qumdoni” doirasida qarz qimmatli qog‘ozlarini chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish tartibini batafsil belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, bitta yuridik shaxs muomalaga chiqarishi mumkin bo‘lgan xorijiy valyutadagi obligatsiyalarning maksimal hajmi $50 mln etib belgilangan. Ta’minlanmagan obligatsiyalarni chiqarishga faqat kompaniyaning o‘z kapitali doirasida ruxsat beriladi. Agar emissiya hajmi ushbu limitdan oshsa, kompaniya ortiqcha qismi uchun ta’minot taqdim etishi shart. Yuqori kredit reytingiga ega ayrim banklar bundan mustasno hisoblanadi.
Ta’minot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolatlari yoki sug‘urta polislaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Ko‘chmas mulk majburiy ravishda mustaqil bozor bahosida baholanadi va garov sifatida uning qiymatining 75% idan ko‘p bo‘lmagan qismi hisobga olinadi. Shu bilan birga, ko‘chmas mulkning umumiy ta’minot tarkibidagi ulushi 50% dan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, emitentlar uchun moliyaviy kovenantlar joriy etilgan. Shuningdek, jismoniy shaxslar bunday xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni faqat bank infratuzilmasi orqali xarid qilishi mumkinligi qat’iy belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ