Toshkentga $3 mlrd investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilmoqda
Poytaxtning beshta tumanida zamonaviy biznes va moliya markazlarini rivojlantiriladi
Toshkentda tumanlarni muayyan yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda poytaxtning har bir tumani o‘z salohiyatidan samarali foydalanib, muayyan yo‘nalishga ixtisoslashishi kerakligi ta’kidlandi. Bunda logistika, moliya, ta’lim, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish taklif etildi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida yirik logistika majmualarini tashkil etish imkoniyatlari mavjud. Ular Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashadi.
Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliya markazlari sonini ko‘paytirish taklif etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu $2 mlrd hajmidagi kapital bozorini shakllantirish va 20–25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Olmazor, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida esa ta’lim, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalariga investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Mazkur tumanlarning investitsiya salohiyati kamida $1 mlrdga, yaratilishi mumkin bo‘lgan yangi ish o‘rinlari soni esa 15–20 mingtagacha baholanmoqda.
Yig‘ilish avvalida prezident har bir tuman va mahalla imkoniyatlaridan foydalanishga yangicha yondashish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murakkab iqtisodiy vaziyat sharoitida qo‘shilgan qiymat, investitsiyalar va yuqori daromadli ish o‘rinlari sonini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ