O‘zbekiston avgustda 16,1 ming tonna benzin import qildi
Yil boshidan buyon benzin importi o‘tgan yilga nisbatan 41% ga oshgan
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekiston 2026-yil avgust oyida 16,1 ming tonna benzin import qildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Benzin importi yil boshidan buyon keskin qisqarib bormoqda. Yanvar oyida xorijdan 125,9 ming tonna, fevralda 153,3 ming tonna benzin olib kelingan.
Mart oyida import 149 ming tonna, aprelda 140,5 ming tonnani tashkil etgan. May oyida ko‘rsatkich 72 ming tonnagacha, iyunda 50,7 ming tonnagacha, iyulda esa 27,2 ming tonnagacha kamaygan.
Shu tariqa, avgustdagi 16,1 ming tonnalik import yanvardagi ko‘rsatkichdan qariyb 8 baravar kam bo‘lgan.
Yil boshidan 721,5 ming tonna benzin import qilindi
Shunga qaramay, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston $437,4 mlnlik 721,45 ming tonna benzin import qilgan.
2025-yilning mos davrida esa $294,3 mlnga 511 ming tonna benzin olib kelingan. Demak, joriy yilning sakkiz oyida import hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 210 ming tonnaga yoki 41% ga oshgan.
Benzinning import qiymati ham sezilarli ko‘paygan. 2025-yil yanvar–avgust oylarida bir tonna import benzini o‘rtacha $575,9 dan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich $606,2 gacha oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ