O‘zbekistonning Janubiy Koreya bilan savdo aylanmasi $1,7 mlrdga yetdi

Kelgusida ikki davlat o‘zaro savdoni $2 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonning Janubiy Koreya bilan savdo aylanmasi $1,7 mlrdga yetdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Janubiy Koreya bilan tovar ayirboshlash hajmi $1,7 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Koreya bilan jami savdo aylanmasi $5,7 mlrdga yetgan. So‘nggi sakkiz yil ichida bu ko‘rsatkich 1,7 baravarga oshgan.

Mintaqada Janubiy Koreya bilan eng katta savdo hajmi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgan — $3,2 mlrd. Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda mintaqaning Koreya bilan jami savdosining 87 foizini ta’minlagan.

Kelgusi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan.

Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 20 baravardan ko‘proq oshdi

Janubiy Koreya biznesining O‘zbekistondagi ishtiroki ham kengaymoqda. Hozir mamlakatda Koreya kapitali ishtirokidagi 730 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

2018-yilda bunday korxonalar soni 35 ta bo‘lgan. Sakkiz yil ichida ularning soni 20 baravardan ko‘proq oshgan.

O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoga yo‘naltirayotgan investitsiyalarida ham salmoqli ulushga ega. 2025-yilda mintaqa davlatlari Koreyadan $1,5 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilgan.

Shundan $474,5 mln O‘zbekistonga, qariyb $1 mlrd esa Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgan. Umuman, Markaziy Osiyo davlatlarida Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi 1,7 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya sammiti o‘tkaziladi

Hamkorlikning yangi bosqichi 16-sentabr kuni Seulda davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan birinchi “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammitida muhokama qilinadi.

Mintaqaning Janubiy Koreya bilan ko‘p tomonlama muloqoti 2007-yildan buyon davom etib kelmoqda. Biroq davlat rahbarlari darajasidagi bunday formatdagi uchrashuv ilk bor o‘tkaziladi.

Sammitda sanoat kooperatsiyasi, xomashyoni qayta ishlash, energetika, sun’iy intellekt va raqamli ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda 100 ta ko‘cha 1 trln so‘mga obodonlashtiriladi
/
Toshkentda 100 ta ko‘cha 1 trln so‘mga obodonlashtiriladi
O‘zbekistonda elektromobil savdosi 10,8% ga oshdi
/
O‘zbekistonda elektromobil savdosi 10,8% ga oshdi
Toshkentda biznes uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mgacha oshiriladi
/
Toshkentda biznes uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mgacha oshiriladi