Toshkentda 100 ta ko‘cha 1 trln so‘mga obodonlashtiriladi
Poytaxtdagi 400 ta mahallani obodonlashtirish uchun to‘rt yillik dastur doirasida 10 trln so‘m yo‘naltiriladi
Toshkentda 100 ta ko‘chani kompleks yangilash rejalashtirilmoqda. Buning uchun 1 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yil boshidan Olmazor tumanidagi to‘qqizta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun qulay hududlarga aylantirildi. Yig‘ilishda tumandagi Kichqiriq mahallasi ushbu loyihaning muvaffaqiyatli misollaridan biri sifatida qayd etildi.
Avval hududda zarur infratuzilma yetarli bo‘lmagan. Qisqa muddatda bu yerda 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayr hududi, amfiteatr, piyodalar yo‘laklari va favvoralar barpo etildi. Natijada 5,5 ming nafar aholining yashash va dam olish sharoitlari yaxshilandi.
Tajriba poytaxtning boshqa hududlariga ham yoyiladi
Prezident Kichqiriq mahallasidagi tajribani boshqa hududlarda ham qo‘llashni topshirdi. Olmazor tumanidagi yana sakkizta ko‘chada, poytaxtning qolgan 11 ta tumanining har birida esa kamida 3–4 ta ko‘chada shunday ishlarni boshlash belgilandi.
Bundan tashqari, Kichqiriq mahallasi tajribasi asosida 400 ta mahallani obodonlashtirish bo‘yicha to‘rt yillik dastur ishlab chiqiladi. Dasturga 10 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Har bir tuman bo‘yicha aniq ko‘chalar va mahallalar, ishlarning muddati hamda ko‘lami belgilanadi. Rejalar mahalliy Kengashlarda muhokama qilinib, aholi uchun ochiq e’lon qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ