Toshkentda biznes uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mgacha oshiriladi

Yangi tartib poytaxtda biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga taqdim etiladi

Toshkentda biznes uchun garovsiz kredit limiti 200 mln so‘mgacha oshiriladi

Toshkentda biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Olmazorda 1 mingta ish o‘rni yaratiladi

Olmazor tumanida yangi imkoniyatlardan foydalanib, 2026-yil yakunigacha 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi.

Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham kengaytirish va yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektarlik sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati 1–2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.

Mazkur hududda ish o‘rinlari sonini hozirgi 35 mingdan 100 mingtagacha, eksport hajmini esa 600 mln dollargacha oshirish imkoniyati borligi qayd etildi.

Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy instrumentlarni taklif etish hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalarni ishga tushirish belgilandi.

Olmazorda yangi kasb-hunar markazlari tashkil etiladi

Tumanda mehnat bozori talabi bilan kadrlar tayyorlash tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi.

Hozir ish beruvchilarda 4 mingdan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotli hamda qariyb 1 ming nafar maxsus ma’lumot talab etilmaydigan yo‘nalishlarda ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud.

Shu sababli Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi. Sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida ham zamonaviy kasb-hunar markazi ochiladi.

Xorijda ishlash uchun 500 kishiga nemis tili o‘rgatiladi

Xorij mehnat bozoriga maqsadli tayyorgarlikni kuchaytirish doirasida Germaniyaning xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda 500 kishiga mo‘ljallangan nemis tili kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, Chexiya va Slovakiya mehnat bozori uchun tibbiyot xodimlari tayyorlanadi.

Germaniya, Yaponiya, Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilmoqda. Fransiya kompaniyalari bilan esa yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni mavsumiy ishlarga joylashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

Yoshlar shaharchasida innovatsion klaster tashkil etiladi

Yoshlar shaharchasidagi 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klaster tashkil etish ishlari yil yakunigacha boshlanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda pul massasi 437,7 trln so‘mga yetdi
/
O‘zbekistonda pul massasi 437,7 trln so‘mga yetdi
Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrdan boshlanadi
/
Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrdan boshlanadi
Toshkentda 45 mln yevrolik farmatsevtika korxonasi ishga tushirildi
/
Toshkentda 45 mln yevrolik farmatsevtika korxonasi ishga tushirildi