O‘zbekistonda 18 ta bozor va savdo kompleksidagi davlat ulushlari sotiladi
Ro‘yxatga Namangan viloyatidagi yettita, Farg‘onadagi beshta va Samarqanddagi to‘rtta aktiv kiritilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 18 ta bozor, savdo kompleksi hamda avtobozorlardagi davlat ulushlarini xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Ushbu ro‘yxat prezidentning 28-avgustdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi farmonidan o‘rin oldi.
Korxonalarning ko‘pchiligida davlatga 51% dan 68% gacha nazorat paketi tegishli. Ularni sotish shartlari va tartibi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan taqdim etilishi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanishi kerak.
Xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirib tashlangan holda, tegishli mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi.
Toshkentda yirik bozorlarni xususiylashtirish jadallashtiriladi
Farmonning alohida ro‘yxatida yangi sotuvlar emas, balki Toshkentdagi bir qator bozorlar va savdo komplekslarining allaqachon boshlangan xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish nazarda tutilgan.
Ular orasida:
- “Navro‘z” dehqon bozorining 96,5% ulushi;
- Chilonzor dehqon bozorining 51% ulushi;
- Chilonzor sanoat mollari savdo kompleksining 69,1% ulushi;
- “Bek to‘pi” savdo kompleksining 100% ulushi;
- Sergeli dehqon bozorining 95,8% ulushi;
- “Sergeli bozori” eski avtomobillar va ehtiyot qismlar bozorining 100% ulushi;
- Parkent universal savdo kompleksining 94,5% ulushi;
- “Yangiobod” ixtisoslashtirilgan bozorining 100% ulushi;
- “Aviasozlar” dehqon bozorining 87,1% ulushi;
- “Qora-Qamish” dehqon bozorining 95,9% ulushi;
- “Farhod” dehqon bozorining 99% ulushi;
- “O‘rikzor” savdo kompleksining 100% ulushi;
- Qo‘yliq dehqon bozorining 94,8% ulushi;
- “Beshqo‘rg‘on” savdo kompleksining 100% ulushi;
- Yunusobod dehqon bozorining 94,95% ulushi bor.
Xususiylashtirilishi jadallashtirilishi zarur bo‘lgan aktivlarning ushbu ro‘yxatiga boshqa korxonalar, shu jumladan neft-gaz va kimyo tarmoqlaridagi korxonalar ham kiritilgan.
Iyul oyida prezident qarori bilan Toshkentdagi 12 ta yirik bozor va savdo kompleksi hamda ularning 23 ta filialini savdoga chiqarish ko‘zda tutilgan edi. Ularning umumiy maydoni 91,94 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa qariyb 519,4 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ro‘yxatga, xususan, “Sergeli”, “Yangiobod”, “O‘rikzor”, “Aviasozlar”, “Farhod”, Qo‘yliq bozori va boshqalar kiritilgan.
Sotuvning majburiy sharti sifatida amaldagi bozorlar o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ko‘ngilochar markazlar hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etilishi belgilangan. Obyektlarni sotuvga tayyorlash uchun “Toshkent invest kompaniyasi” biznes-loyihalar va hududlarni rivojlantirish master-planlarini ishlab chiqishi kerak.
Namangan viloyati
Yangi ro‘yxatda eng ko‘p aktivlar Namangan viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda yettita korxonadagi davlat ulushini sotish ko‘zda tutilgan:
- “Namangan avto magistral savdo kompleksi”ning 51% ulushi;
- “Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari savdo kompleksi”ning 51% ulushi;
- “Yashil dehqon bozori”ning 68% ulushi;
- “Do‘stlik savdo sanoat kompleksi”ning 51% ulushi;
- “Chust dehqon bozori”ning 51% ulushi;
- “Yangiqo‘rg‘on dehqon bozori”ning 51,42% ulushi;
- “To‘raqo‘rg‘on markaziy dehqon bozori”ning 51% ulushi.
Samarqand viloyati
Samarqand viloyatida uchta korxonadagi davlat ulushi xususiylashtirishga chiqariladi:
- “Toyloq dehqon bozori”ning 51% ulushi;
- “Samarqand innovatsion avtomobillar bozori”ning 51% ulushi;
- “Gulobod yopiq savdo kompleksi”ning 51% ulushi.
Bundan tashqari, ro‘yxatga Samarqand uy-joylarni ta’mirlash korxonasi ham kiritilgan — undagi 100% ulush davlatga tegishli.
Surxondaryo va Toshkent viloyatlari
Surxondaryo viloyatida davlat “Lolazor Denov Baraka”ning 51% va Jarqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozorining 54,6% ulushini sotishni rejalashtirmoqda.
Toshkent viloyatida esa Qibray dehqon bozorining 51% ulushi sotuvga qo‘yiladi.
Farg‘ona viloyati
Yana beshta aktiv Farg‘ona viloyatida joylashgan:
- “Farg‘ona Yusufjon fayzi” qurilish materiallari savdo kompleksining 51% ulushi;
- “Rapqon dehqon bozori”ning 51% ulushi;
- “Yakkatut dehqon bozori”ning 52,1% ulushi;
- “Beshariq Umarovlar fayzi”ning 51% ulushi;
- “Beshariq Turon sanoat savdo kompleksi”ning 51% ulushi.
Prezident farmoni bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning yangi bosqichi tasdiqlandi. Umumiy hisobda 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi ulushlar, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8000 gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda.
Sotuvga mo‘ljallangan aktivlarning umumiy qiymati taxminan 100 trln so‘mga baholanmoqda. Yil oxirigacha hokimiyat organlari ularni realizatsiya qilishdan kamida 14 trln so‘m tushum olishni mo‘ljallamoqda.
Kapital.uz avvalroq ayni shu qaror bilan 2026-yilda sotilishi rejalashtirilmagan va yana qiymati 100 trln so’mlik davlat aktivlari yil yakunigacha sotilishi haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ