O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $72,13 mlrdga yetdi
Avgust oyida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $7,78 mlrdga oshdi
Фото: РИА
O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari avgust oyida ham o‘sdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-sentabr holatida mamlakatning jami oltin-valyuta zaxiralari $72,13 mlrdni tashkil etdi. Bu fevral oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Bir oy davomida zaxiralar $7,78 mlrdga yoki 12,1% ga oshgan. Bunda asosiy o‘sish oltin zaxiralarining qiymati va fizik hajmi ko‘payishi hisobiga yuz bergan.
Markaziy bank omborlaridagi oltinning qiymati bir oyda $8,8 mlrdga yoki 15,69% ga oshib, $64,92 mlrdga yetdi. Oltinning fizik hajmi esa 13,85 mln troya unsiyadan 14,11 mln troya unsiyagacha ko‘paydi. Bu qariyb 438,8 tonnaga teng.
Avgust oyining boshida oltinning bir troya unsiyasi qariyb $4000 atrofida bo‘lgan. Oyning birinchi yarmida qimmatbaho metall narxi jadal o‘sib, 5-avgustdan keyin qariyb $4700gacha yetgan. Oy oxirida esa narx biroz pasayib, bir unsiya uchun $4450 atrofida shakllangan.
Shu bilan birga, zaxiralarning valyuta qismi avgust oyida qisqardi. Uning hajmi $6,64 mlrdni tashkil etib, bir oyda $1,01 mlrdga yoki 13,29% ga kamaydi.
Boshqa banklardagi hisobvaraqlarda saqlanayotgan naqd valyuta va depozitlar hajmi 17,3% ga qisqarib, $4,87 mlrdni tashkil etdi. Shundan $1,09 mlrd boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich bir oyda 10,56% ga kamaygan. Xorijiy tijorat banklaridagi mablag‘lar esa $3,77 mlrdni tashkil etib, 19,1% ga qisqargan.
Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi deyarli o‘zgarmadi. Avgust oyi yakunida ularning qiymati $1,76 mlrdni tashkil etib, bir oyda 0,2% ga oshdi.
Biroq jami zaxiralar hajmi oshgani sababli xorijiy qimmatli qog‘ozlarning umumiy zaxiralardagi ulushi 2,74% dan 2,45% gacha pasaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ