100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi

Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar esa ekspertiza va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etilishi taklif qilinmoqda

100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va mavjud suv resurslarining energetik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kichik va mikro GESlar, ayniqsa, olis hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘tgan yili qabul qilingan alohida qarorga muvofiq, xususiy sektor ishtirokida umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish belgilangan.

Biroq hozirgacha 64 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 41,6 megavattga yetgan. Bu belgilangan umumiy quvvatning atigi to‘rtdan bir qismini tashkil etadi.

Shuningdek, rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan hozircha 932 tasi bo‘yicha tashabbuskor aniqlangan. Jahon banki ishtirokida ajratilgan $150 mlnlik imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.

Investorlar uchun yangi shartlar taklif qilindi

Taqdimotda tadbirkor va investorlarda stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi aytildi.

Shu munosabat bilan auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, shuningdek, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi.

Bu amaliyot “nol” qiymatda yutib olingan, ammo keyinchalik amalga oshmay qolgan loyihalar muammosini hal qilish hamda investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi.

Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar esa shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etilishi taklif qilindi.

Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyalariga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi obyektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.

Loyihalar uchun yagona raqamli platforma yaratiladi

Kichik va mikro GES loyihalari uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, sohada loyihalash, qurish va foydalanish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Uskunalarning 90%i import qilinadi

Taqdimotda sohadagi asosiy muammolardan yana biri — importga yuqori darajada qaramlik ekani qayd etildi.

Hozirda kichik va mikro GESlar uchun zarur bo‘lgan gidroagregatlar va butlovchi qismlarning 90%i chetdan olib kelinmoqda.

Shu bois, bugungacha 46 ta kichik va mikro GES qurgan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tajribasidan foydalanish, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj ishlari va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

Mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregat va butlovchi qismlarning aniq ro‘yxati shakllantirilib, ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkor va investorlarga takliflar beriladi.

173 ming kilometrdan ortiq daryo va kanallar yangi imkoniyat yaratadi

O‘zbekistondagi daryo va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod.

Taqdimotda, ayniqsa, betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikro GESlar qurish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Mutasaddilarga bunday obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, ularning energetik salohiyatini baholash va qo‘shimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Umuman, 2030-yilga qadar kichik va mikro GESlar umumiy quvvatini 204,8 megavattga yetkazish va ular orqali yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Bu:

  • 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan ta’minlash;
  • yiliga 187 mln kub metr tabiiy gazni tejash;
  • atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini berishi kutilmoqda.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan kichik quvvatli “yashil” energetika yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi.

Energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika obyektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi.

Prezident belgilangan loyihalarni jadallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, ajratilgan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, uskunalarni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonning oltin eksporti yarim yilda 4 baravardan ko‘proqqa qisqardi
/
O‘zbekistonning oltin eksporti yarim yilda 4 baravardan ko‘proqqa qisqardi
O‘zbekistonga gaz importi ishlab chiqarish hajmi qisqarishi fonida qariyb $1 mlrdga yetdi
/
O‘zbekistonga gaz importi ishlab chiqarish hajmi qisqarishi fonida qariyb $1 mlrdga yetdi
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $41 mlrddan oshdi
/
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $41 mlrddan oshdi