O‘zbekiston 2030-yilgacha raqamli ta’lim uchun $100 mln grant jalb qiladi
Grantlar yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quv markazlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish rejalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
IT sohasida 300 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha 2030-yilgacha belgilangan maqsadga 2026-yilning o‘zidayoq erishildi. Endi hukumat raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali o‘n yillik yakunigacha yana 500 mingta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda.
Buning uchun 2030-yilgacha 5,5 mln nafar yoshga raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Tizim ta’lim olish, kasbiy kompetensiyalarni tasdiqlash va ishga joylashishda ko‘maklashish jarayonlarini birlashtiradi.
Maktablarda “Al-Xorazmiy vorislari” va “Sun’iy intellektning besh million yetakchisi” loyihalarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va xususiy o‘quv markazlarining ta’lim imkoniyatlarini birlashtirish ko‘zda tutilgan. Yana bir vazifa — har yili 1 mln nafar yoshni robototexnika, kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish, startaplar yaratish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga o‘qitish.
Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun onlayn platformalar va qisqa muddatli kurslarni rivojlantirish, shuningdek, milliy trenerlarni tayyorlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, oliy ta’lim dasturlarini mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, sun’iy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, uchuvchisiz texnologiyalar va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish taklif etilmoqda. Talabalarni amaliy loyihalarga faolroq jalb qilish, informatika o‘qituvchilarini esa sun’iy intellekt texnologiyalari bilan ishlashga o‘rgatish va keyinchalik sertifikatlash rejalashtirilgan.
Mikroelektronika, o‘rnatilgan tizimlar va buyumlar interneti sohalari uchun kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, muhandislik ishlanmalari va tadqiqot laboratoriyalarini qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Boshqa tashabbuslar qatorida Farg‘ona tajribasini hisobga olgan holda iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini tashkil etish va xususiy o‘quv markazlari uchun mentorlar tayyorlash ham bor.
Ta’limni mehnat bozori bilan bog‘lash maqsadida “Raqamli yoshlar” platformasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Unda yoshlarning ta’limi, kasbiy ko‘nikmalari, til bilish darajasi va olgan sertifikatlari haqidagi ma’lumotlar jamlanadi. Platforma orqali foydalanuvchilarga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilib, ularning ishga joylashish natijalari kuzatib boriladi.
Raqamli ta’lim uchun grantlar hajmi oshiriladi
2025-yilda raqamli ta’limni rivojlantirish uchun $22 mln miqdorida grant jalb qilishga erishilgan. 2026-yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni $60 mlnga, 2030-yilgacha esa $100 mln ga yetkazish rejalashtirilgan.
Joriy yilda jalb qilinadigan grant mablag‘larining yarmi raqamli ta’limga yo‘naltiriladi. Qolgan mablag‘lar malaka oshirish, chekka hududlarda raqamli ta’lim markazlarini tashkil etish va ularni sun’iy intellekt, robototexnika hamda dasturlashni o‘rgatish uchun zarur uskunalar bilan jihozlashga sarflanadi.
Shavkat Mirziyoyev raqamli ta’lim rivojini faqat o‘qitilganlar soni bilan emas, balki ta’lim sifati va uning ishga joylashishga ta’siri bilan ham baholash zarurligini ta’kidladi. Mas’ul idoralarga hududlarda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash topshirildi.
Taqdimotda Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ