2027-yildan boshlab uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratiladi
Hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
20-aprel kuni “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Farmon bilan, 2027-yil 1-yanvardan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi.
Quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
- ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
- ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi.
Avvalroq xorijiy top 100 OTMlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha mutaxassislarga ipoteka krediti berilishi xabar qilingandi. U BHMning 2150 baravarigacha, 10 yilga 14% stavkada ajratiladi.
Bundan tashqari, 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifadagi pedagoglarga ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 25%i qoplab beriladi.
Prezidentning 20-aprelda ushbu qarori bilan, shuningdek, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan.
Strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ